Har yili milliy ruhdagi 20 ta kompyuter va mobil o‘yinlar yaratiladi

eʼlon qilindi
Shu munosabat bilan barcha 15 ta AT park hududida inkubatsion markazlar tashkil etiladi
Har yili milliy ruhdagi 20 ta kompyuter va mobil o‘yinlar yaratiladi / Foto: ChatGPT

O‘zbekistonda har yili milliy qadriyatlar va tarixni targ‘ib qiluvchi kamida 20 ta kompyuter hamda mobil o‘yinlar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

«Al-Xorazmiy vorislari» loyihasi

Prezidentning ta’kidlashicha, ikki yil avval Xorazm viloyatida yo‘lga qo‘yilgan «Al-Xorazmiy vorislari» loyihasi doirasida 4 mingdan ortiq iqtidorli o‘quvchi xorijiy tillar va axborot texnologiyalariga o‘qitilgan.

Endilikda mazkur loyiha joriy yildan barcha viloyat markazlari hamda Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida yo‘lga qo‘yiladi. Keyingi yillarda esa u mamlakatning barcha tuman va shaharlarini qamrab olib, 50 ming nafar yoshni o‘qitish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Milliy ruhdagi kompyuter o‘yinlari

Prezident yoshlarning asosiy qismi vaqtini raqamli makonda o‘tkazayotganini qayd etib, milliy ruhni targ‘ib qiluvchi zamonaviy kontent yaratish zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda 84 mlnlik kompyuter va mobil o‘yinlar eksport qilingan. Shu munosabat bilan barcha 15 ta AT park hududida kompyuter va mobil o‘yin ishlab chiquvchilar uchun inkubatsion markazlar tashkil etiladi. Shuningdek, har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta kompyuter va mobil o‘yinni yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi.

Yangi ijtimoiy loyihalar va tanlovlar

Prezidentning topshirig‘iga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi joriy yilda «Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar» tanlovini o‘tkazadi. Unda aholi muammolariga eng yaxshi yechim taklif qilgan volontyorlar hamda 50 ta ijtimoiy loyiha muallifi taqdirlanadi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Qanot» loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha yoshlarni ijtimoiy xizmatlar, ta’lim, sport, musiqa va san’atga jalb etish orqali qayta huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Tashabbuslar ofisi»ga 50 milliard so‘m ajratiladi

Qayd etilishicha, iyun oyida o‘tkazilgan «Yoshlar tashabbuslari marafoni» davomida ilm-fan, madaniyat, biznes, startap va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida minglab g‘oyalar ilgari surilgan.

Shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi huzurida «Tashabbuslar ofisi» tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi yoshlar tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarni amaliy loyihalar, mahsulotlar va xizmatlarga aylantirishdan iborat bo‘ladi. Mazkur ishlarni moliyalashtirish uchun 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yoshlarning istiqbolli loyihalariga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek