Qirg‘iziston rasman 12 yillik maktab ta’lim tizimiga o‘tdi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi umumta’lim maktablarida 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish va o‘quv jarayonini yangi tartibda tashkil etish bo‘yicha qarorni qabul qildi. Bu haqda 24KG nashri xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, yangi model 6+3+3 tamoyili asosida tashkil etiladi. Boshlang‘ich ta’lim 6 yil, asosiy bosqich 3 yil va yuqori bosqich 3 yil davom etadi. Ilgari amalda bo‘lgan tizim esa 4+5+2 ko‘rinishida edi.
Shuningdek, o‘quv yilining davomiyligi qayta ko‘rib chiqildi. Birinchi – uchinchi ta’lim bosqichlari uchun o‘quv yili kamida 34 o‘quv haftasini tashkil etadi (davlat yakuniy attestatsiyasiz). Birinchi sinflar uchun bu muddat 32 hafta, ikkinchi sinflar uchun esa 33 haftadan iborat bo‘ladi.
Qarorda ta’tillar tizimi ham aniq belgilangan bo‘lib, o‘quv yilida kamida 30 kalendar kunlik ta’til, yozgi davrda esa kamida 14 haftalik ta’til nazarda tutiladi. Birinchi sinf o‘quvchilari uchun qo‘shimcha 2 haftalik, ikkinchi sinflar uchun esa 1 haftalik qo‘shimcha ta’til saqlanib qoladi. Shuningdek, maktablarda o‘qish 5 kunlik yoki 6 kunlik o‘quv haftasi asosida tashkil etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bog‘cha tarbiyachilari uchun dual bakalavriat yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.