Ebola Afrikaga 3,6 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin — BMT

eʼlon qilindi
Tashkilot uchta ehtimoliy ssenariyni ishlab chiqqan
Ebola Afrikaga 3,6 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin — BMT / Foto: DW

BMT Ebola virusining Bundibugyo shtammi tarqalishi oqibatida Afrika iqtisodiyoti $3,6 mlrdgacha zarar ko‘rishi va yuz minglab ish o‘rinlari yo‘qolishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Kasallanish va vafot etganlar soni

Kongo Demokratik Respublikasi hukumati ma’lumotiga ko‘ra, 15-may kuni e’lon qilingan epidemiya boshlanganidan buyon Bundibugyo shtammi bilan 1 307 kishi kasallangan, 377 kishi vafot etgan. Ushbu shtammga qarshi hozircha sinovdan o‘tgan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas.

Shuningdek, Ugandada ham kam sonli kasallanish holatlari qayd etilgan. Mutaxassislar virus Janubiy Sudan kabi qo‘shni davlatlarga ham tarqalishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Foto: Mytimes

BMT ehtimoliy ssenariylarni e’lon qildi

BMT Taraqqiyot dasturining Kongo bo‘yicha doimiy vakili Damien Mama zarur resurslar safarbar etilsa, epidemiyani jilovlash va qo‘shimcha yo‘qotishlarning oldini olish mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aks holda sog‘liqni saqlashdagi favqulodda vaziyat uzoq davom etadigan rivojlanish inqiroziga aylanishi mumkin.

Tashkilot uchta ehtimoliy ssenariyni ishlab chiqqan. Eng ijobiy holatda epidemiya faqat Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada cheklanib qoladi hamda Kongo iqtisodiyotiga taxminan $1 mlrd zarar yetkazadi. Eng og‘ir ssenariyda esa virus Ruanda va Angolaga ham tarqaladi. Agar bu holat Eron inqirozi fonida yonilg‘i narxlarining oshishi bilan bir vaqtda yuz bersa, Afrika iqtisodiyoti $3,6 mlrd yo‘qotishi va 328 mingta ish o‘rni qisqarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy Kongressdan Ebola virusiga qarshi kurash uchun $1,4 mlrd so‘ragani haqida yozgan edik.

Shuningdek