Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 2 mingga yaqinlashdi

Venesuelada yuz bergan vayronkor zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 2 mingga yetdi. Bu haqda mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodrigesga tayanib Reuters xabar berdi.
Rodrigesning ma’lum qilishicha, tabiiy ofat natijasida 10 571 kishi jarohat olgan. Avvalroq BMT Venesueladagi zilzilalar oqibatida 1,7 ming kishi halok bo‘lgani va qariyb 5 ming kishi jabrlangani haqida ma’lumot bergan edi.
Venesuela hukumati qurbonlar soni yana ortishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlarini davom etayotgan aftershoklar qiyinlashtiryapti. Dastlabki kuchli yer silkinishlaridan keyin mamlakatda 500 ga yaqin takroriy zilzila qayd etilgan. Ular orasida magnitudasi 5,2 ga yetgan silkinishlar ham bor.
Qutqaruv operatsiyalariga 27 davlatdan kelgan 2 mingdan ortiq mutaxassis jalb qilingan. Bedarak yo‘qolganlar soni hozircha aniq aytilmayapti. Biroq rasmiylar gap o‘n minglab odamlar haqida ketishi mumkinligini bildirgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zilzilalar oqibatida 2,5 mingga yaqin bino vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. Taxminan 12 ming kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
BMT zilzilalar keltirgan iqtisodiy zararni $6,7 mlrdga baholadi. Bu Venesuela yalpi ichki mahsulotining qariyb 6 foiziga teng.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 1,7 ming kishiga yetgani haqida yozgan edi.