Termizga 15 ta zamonaviy avtobus olib kelindi

Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga 15 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.
Surxondaryo viloyatida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi «Best Logistictrans Termez» korxonasi tomonidan Xitoyning Zhongtong Bus kompaniyasida ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar shaharga olib kelindi.
Mazkur avtobuslar Termiz shahridagi yo‘nalishlarda brutto-shartnoma asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bu tartib jamoat transporti qatnovini rejalashtirish, xizmat sifatini oshirish va yo‘nalishlardagi harakatni barqaror tashkil etishga xizmat qiladi.
Yangi avtobuslarda barcha toifadagi yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Jumladan, imkoniyati cheklangan fuqarolarning to‘siqsiz harakatlanishi ham inobatga olingan. Bu esa jamoat transportidan foydalanishda inklyuzivlik va qulaylik darajasini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda birinchi «sport» bekati tashkil etilgani haqida yozgan edi.