
Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoani bosh vazir Abdulla Aripov, hukumat vakillari, sport jamoatchiligi va muxlislar kutib oldi. Bu terma jamoa uchun tarixda birinchi jahon chempionati bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokini baholab, futbolchilarni tanqid qilish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda muhimligini ta’kidlagandi.
Davlat rahbari milliy terma jamoaning AQSh va Meksika maydonlarida o‘tgan jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib, o‘yinlarni butun xalq katta hayajon bilan kuzatganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda tarkibida Yevropaning yetakchi klublarida to‘p surayotgan futbolchilar ko‘p bo‘lgan Kongo DR terma jamoalariga qarshi bahslarda muhim tajriba orttirib, mundial muhitini his qildi.
Shuningdek, prezident Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov jahon chempionatidagi ilk gollarini urib, o‘zbekistonlik muxlislarga quvonch ulashganini alohida ta’kidladi.