9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlandi

eʼlon qilindi
Qabul 20-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi
Kasbiy ta’lim tashkilotlariga hujjatlar qabuli boshlandi
9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul boshlandi / Foto: Teletype

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2026-yilgi 9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga hujjat topshirish jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

1-iyuldan 20-iyulga qadar (shu kuni ham) bitiruvchilar 570 ta texnikumning kunduzgi yoki dual ta’lim shakllariga o‘qishga kirish uchun my.edu.uz elektron platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (o‘quvchining 3×4 hajmdagi fotosurati bilan) yoki ID-karta ma’lumotlari, shuningdek, maktabning 9-sinfini tamomlaganlik to‘g‘risidagi elektron shahodatnoma ma’lumotlari platformaga kiritiladi.

Joriy qabul doirasida 9-sinf bitiruvchilari 166 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyatiga ega. Umumiy qabul kvotasi 202 657 tani tashkil etadi. Mazkur kvotalarning barchasi davlat granti asosida ajratilgan.

Shuningdek, 14 ta Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumida 27 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha ham qabul amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishlar uchun umumiy kvota 1 760 tani tashkil etib, shundan 1 640 tasi davlat granti asosida taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlarining magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirish jarayoni ham boshlandi.

Shuningdek