Jahon banki O‘zbekistondagi boshlang‘ich ta’lim uchun 105 million dollar ajratadi

Jahon banki O‘zbekistonda maktab ta’limini rivojlantirish uchun $100 mln imtiyozli moliyalashtirish, Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) esa $5 mln grant ajratadi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati ma’lum qildi.
105 million dollarlik xalqaro yordam
Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonning oltita hududida boshlang‘ich maktablarda ta’lim natijalarini yaxshilash hamda o‘quvchilarning bazaviy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan BILIM dasturini moliyalashtirishni ma’qulladi. Dastur doirasida Jahon banki tarkibidagi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan $100 mln miqdorida imtiyozli moliyalashtirish, Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) tomonidan esa $5 mln grant ajratiladi. Bu IFFEd va Jahon banki o‘rtasidagi ilk hamkorlik hisoblanadi.
Ta’lim tizimidagi asosiy muammolar
Loyiha O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi va ichki migratsiya tufayli ortib borayotgan ta’lim infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda mamlakatdagi maktab o‘quvchilari soni 7,6 mlndan oshishi kutilmoqda. Shu sababli hukumat mavjud ehtiyojni qoplash uchun har yili qariyb 300 ta yangi maktab qurishi zarur. Boshlang‘ich maktabga qamrov darajasi 99 foizdan yuqori bo‘lsa-da, o‘quvchilarning o‘qish va matematika fanlari bo‘yicha xalqaro standartlardagi natijalari hamda o‘qitish metodikasi va pedagoglarning malakasini oshirish tizimi hali ham takomillashtirishni talab qilmoqda.
378 million dollarlik BILIM dasturi
Umumiy qiymati $378 mln bo‘lgan BILIM dasturi O‘zbekiston hukumati ($273 mln), Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ($100 mln) va IFFEd ($5 mln grant) mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshiriladi. Ushbu hududlarda mamlakat maktablarining qariyb 45 foizi joylashgan bo‘lib, aynan shu yerda maktab infratuzilmasi va ta’lim sifati bilan bog‘liq muammolar eng dolzarb hisoblanadi.
2030-yilgacha qanday natijalarga erishiladi
2030-yilgacha dastur doirasida 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratish, shuningdek, ta’lim ma’lumotlarini boshqarish va resurslarni rejalashtirish tizimini takomillashtirish rejalashtirilgan. Mazkur chora-tadbirlar boshlang‘ich sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 mln nafar o‘quvchining ta’lim sifati va kelgusidagi bandlik imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasi uchun 150 million dollar ajratishi haqida xabar bergan edik.