Starbucks xodimlari TikTok’dagi videolari orqali daromad olishi mumkin

eʼlon qilindi
Creator Networks funksiyasi orqali
Foto: Unsplash

Dunyodagi yirik qahvaxonalar tarmog‘i Starbucks TikTok’ning yangi Creator Networks funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgan ilk brendlardan biriga aylandi. Bu haqda Net Influencer nashri xabar berdi.

Yangi loyiha doirasida kompaniya o‘z xodimlarini ijtimoiy tarmoqlarda brend haqida original kontent yaratishga jalb etib, buning evaziga ularga moliyaviy rag‘bat taqdim etmoqda.

Kontent yaratgan xodimlar reklama daromadidan ulush oladi

Pilot dasturga tanlab olingan xodimlar Starbucks tomonidan berilgan ijodiy topshiriqlar asosida videolar tayyorlaydi. Agar ushbu videolar reklama kampaniyalarida foydalanilsa, ularning mualliflari reklama daromadidan ulush oladi.

Shu tariqa kompaniya xodimlarini nafaqat brend elchisi, balki professional kontent yaratuvchisi sifatida ham qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Dastur avvalgi tashabbusning davomi bo‘ldi

Yangi loyiha Starbucks 2024-yilda yo‘lga qo‘ygan Green Apron Creators dasturining mantiqiy davomi hisoblanadi. Mazkur tashabbus xodimlarni kundalik ish jarayoni, qahva tayyorlash madaniyati va kompaniya hayoti haqida videolar tayyorlashga undaydi.

Kompaniya fikricha, bunday kontent reklama roliklariga qaraganda tabiiyroq ko‘rinadi va auditoriyada ko‘proq ishonch uyg‘otadi.

TikTok brendlar uchun yangi imkoniyat yaratmoqda

TikTok taqdim etgan Creator Networks xizmati kompaniyalarga o‘z xodimlari, hamkorlari yoki sodiq mijozlaridan iborat kontent yaratuvchilar tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi. Shuningdek, platforma muvaffaqiyatli videolarni pullik reklama kampaniyalariga aylantirishni ham osonlashtiradi.

Z avlodi brend rivojida muhim rol o‘ynamoqda

Starbucks ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya xodimlari boshqa ko‘plab qahvaxonalar tarmoqlariga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda uch baravar ko‘proq kontent ulashadi. Baristalarning katta qismini Z avlodi vakillari tashkil etgani bois, bu dastur ularga ijodiy salohiyatini namoyish etish, shaxsiy brendini rivojlantirish va qo‘shimcha daromad topish imkoniyatini ham yaratadi.

So‘nggi tadqiqotlar ham xodimlar yaratgan kontent iste’molchilarga kuchliroq ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda. Jumladan, Z avlodining aksariyati yangi mahsulotlar haqida aynan kompaniya xodimlari tayyorlagan videolar orqali xabardor bo‘lishini bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan britaniyalik ayolga qahvaxona tomonidan $85 kvadrillion sovg‘a qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek