Jahongir O‘rozovga Germaniyaning «Borussiya Myunxengladbax» klubi qiziqish bildirmoqda

2-iyul 2026 09:31 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jahongir O‘rozovga Germaniyaning «Borussiya Myunxengladbax» klubi qiziqish bildirmoqda
Foto: Instagram

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov faoliyatini Germaniyada davom ettirishi mumkin. Kicker nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Borussiya Myunxengladbax» klubi 22 yoshli futbolchiga qiziqish bildirmoqda.

Manbaga ko‘ra, nemis klubi markaziy himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida transfer bozorini o‘rganmoqda. Jamoa rahbariyati, avvalo, istiqbolli yosh futbolchilarni tarkibga jalb etishni rejalashtirgan. Shu sababli «Borussiya M» skautlari O‘rozovning Jahon chempionatidagi o‘yinlarini diqqat bilan kuzatgan.

Futbolchining mundialdagi ishtiroki klub bosh murabbiyida yaxshi taassurot qoldirgani aytilmoqda. Hozircha klub himoyachini sotib olish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan, biroq uning Germaniyaga ko‘chib o‘tish ehtimoli yuqori baholanmoqda.

O‘rozov jismoniy tayyorgarligi, maydonni yaxshi ko‘ra olishi va himoyadagi ishonchli harakatlari bilan xorij klublari e’tiborini tortgan. U O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ilk o‘yinida zaxiradan maydonga tushgan, keyingi uchrashuvlarda esa asosiy tarkibdan joy olgan. Xususan, Kongo DRga qarshi bahsda himoyachi yetti bor xavfli vaziyatni bartaraf etgan.

Jahongir O‘rozov Toshkentning «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2023-yilda Turkiyaning «Eyupspor» jamoasiga o‘tgan, 2024-yilda esa Samarqandning «Dinamo» klubiga ijaraga berilgan. 2025-yil boshida «Dinamo» uni erkin agent sifatida o‘z safiga to‘liq qo‘shib olgan.

Avvalroq «Kursiv» Behruz Karimovga Top – 5 chempionatlardan takliflar borligi haqida yozgan edi.

Shuningdek