Qirg‘iziston yonilg‘i taqchilligi xavfi sabab O‘zbekistonga murojaat qildi

Qirg‘iziston yonilg‘i ta’minotida uzilishlar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va boshqa qator davlatlarga rasmiy murojaat yo‘lladi. Bu haqda mamlakat Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, hozirda Qirg‘izistonda yonilg‘i-moylash materiallari bo‘yicha yetarli zaxiralar shakllantirilgan. Yetkazib berish avval tuzilgan shartnomalar asosida doimiy amalga oshirilmoqda va jarayon davlat organlari nazoratida.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston yonilg‘ining asosiy qismini import qilgani sababli tashqi omillar ichki bozorga ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, jahon energetika bozoridagi o‘zgarishlar, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik, xalqaro logistika bilan bog‘liq xavflar va neft narxining oshishi mamlakatdagi yoqilg‘i bozoriga bosim o‘tkazmoqda.
Qirg‘iziston Energetika vazirligi barqaror yonilg‘i yetkazib berishni saqlab qolish maqsadida Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon, O‘zbekiston va Turkmanistonning vakolatli davlat organlariga rasmiy murojaatlar yuborilganini bildirdi. Shu bilan birga, yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish va ushbu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Qirg‘iziston ichki yoqilg‘i ishlab chiqarish hajmini oshirishni ham rejalashtirmoqda. Hukumat bozorni yonilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlash masalasini «Qirg‘izneftgaz» bilan muhokama qilgan. Shuningdek, «Junda» neftni qayta ishlash zavodiga benzin va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish topshirilgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda benzin narxlari oshayotgani haqida yozgan edi.