O‘zbekiston pasporti Global Passport Index reytingida 123-o‘rinni egalladi

eʼlon qilindi
Yangilangan reytingda dunyoning eng kuchli pasportlari o‘ntaligida asosan Yevropa davlatlari joy oldi
O‘zbekiston pasporti Global Passport Index reytingida 123-o‘rinni egalladi
Foto: Kursiv Uzbekistan / Diyor Parpiyev

O‘zbekiston pasporti 2026-yilgi Global Passport Index reytingida 123-o‘rinni egalladi. Global Citizen Solutions ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari orasida ikkinchi natijani qayd etib, faqat Qozog‘istondan ortda qoldi.

Yangilangan reytingda dunyoning eng kuchli pasportlari o‘ntaligida asosan Yevropa davlatlari joy oldi. Top-10 ichidagi yagona Yevropadan tashqari davlat Singapur bo‘lib, u o‘ninchi pog‘onani egalladi.

Global Passport Index klassik Henley reytingidan farqli ravishda faqat vizasiz borish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sonini hisoblamaydi. Unda pasportning umumiy harakatlanish imkoniyati, mamlakatning biznes uchun investitsiyaviy jozibadorligi va aholining mahalliy hayot sifati kabi mezonlar ham inobatga olinadi.

Qo‘shnilarimizda-chi?

Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘rin Qozog‘istonga tegishli — mamlakat 107-pog‘onada qayd etilgan. Undan keyin O‘zbekiston 123-o‘rinda, Qirg‘iziston 127-o‘rinda, Tojikiston 140-o‘rinda va Turkmaniston 144-o‘rinda joylashdi. Global reytingning oxirgi pog‘onasini Afg‘oniston egallagan — 197-o‘rin.

Alohida subindekslar bo‘yicha O‘zbekiston harakatlanish imkoniyati yo‘nalishida 129-o‘rinni, investitsiyaviy salohiyat bo‘yicha 89-o‘rinni, hayot sifati bo‘yicha esa 119-o‘rinni egalladi.

Taqqoslash uchun, aprel oyida e’lon qilingan Henley Passport Index reytingida O‘zbekiston 74-o‘rinda qayd etilgan edi. Bu yil boshiga nisbatan bir pog‘ona yuqori natija hisoblanadi. O‘sha reytingda Qozog‘iston pasporti 61-o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent aeroportida yo‘lovchilar uchun pasport nazorati tezlashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek