Zo‘ravon tarbiyachisi bilan mashhur bo‘lgan bog‘cha yopilishi mumkin

eʼlon qilindi
Bog‘cha 6 ta holat bo‘yicha litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzgan
Zo‘ravon tarbiyachisi bilan mashhur bo‘lgan bog‘cha yopilishi mumkin / Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi «Rayyan Kids Land» bog‘chasi tarbiyachisining zo‘ravon harakatlari aks etgan videolar tarqalgan edi. Toshkent Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bog‘chada aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga muvofiq Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan «Rayyan Kids Land» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ta’lim tashkiloti tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan 6 ta holat bo‘yicha litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.

Tarbiyachining zo‘ravonligi

Joriy yilning 24-iyun kuni bog‘cha tarbiyachisi tarbiyalanuvchilardan biriga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilgan. Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Videodan lavha

Litsenziyani bekor qilish

«O‘zbekiston Respublikasining «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonuni»ga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkiloti litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzishi hamda buning oqibatida fuqarolarning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetishi litsenziyani bekor qilish uchun asos hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar MTTB «Rayyan Kids Land» nodavlat ta’lim tashkilotiga berilgan litsenziyani bekor qilish yuzasidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza kiritishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda «Rayyan Kids Land» bog‘chasida tarbiyachining bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgani aks etgan videolar tarqalib, mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari boshlangan edi.

Shuningdek