O‘zbekiston va Gruziya prezidentlari qator masalalarni muhokama qildi

eʼlon qilindi
23 yildan so‘ng ilk bor O‘zbekiston prezidenti Gruziyaga davlat tashrifi bilan bordi
O‘zbekiston va Gruziya prezidentlari qator masalalarini muhokama qildi / Foto: President.uz

Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida Shavkat Mirziyoyev va Gruziya prezidenti Mixail Kavelashvili o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston – Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari Gruziya prezidentiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidentining ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yil ichida ilk bor amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralarda o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $270 mlnga yetgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda Gruziyaning «TBC» banki muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani, Toshkent – Tbilisi va Toshkent – Batumi yo‘nalishlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani, joriy yil mart oyida esa Toshkentda Gruziya madaniyati kunlari o‘tkazilgani qayd etildi.

Foto: President.uz

Tomonlar Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali o‘zaro savdo hajmini oshirish, shuningdek, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar hamda turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shuningdek, ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Mirziyoyev Kavelashvilini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Gruziya tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek