
Xitoyning Xpeng kompaniyasi Mona seriyasidagi ilk SUV — Xpeng Mona L03 avtomobili uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Modelning oldindan buyurtma narxlari 143,8 ming yuandan 165,8 ming yuangacha, ya’ni taxminan $21,1 mingdan $24,4 minggacha etib belgilangan. Avtomobilning rasmiy savdolari 2026-yil 16-iyulda boshlanishi rejalashtirilgan.
Dizayn va o‘lchamlar

Xpeng Mona L03 dizayni sobiq Ferrari eksteryer dizayni rahbari Xuanma Lopes boshchiligidagi xalqaro jamoa tomonidan ishlab chiqilgan.
SUV uzunligi 4650 mm, kengligi 1920 mm, balandligi esa 1600 mmni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi 2850 mmga teng. Avtomobil kuzovida 22 ta aerodinamik optimallashtirish amalga oshirilgani aytilmoqda.
Natijada Mona L03 aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,228 darajasiga yetkazilgan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich yurish zaxirasini 59,3 kmgacha oshirishga yordam beradi.
Salon va texnologiyalar

Mona L03 salonida 15,6 dyuymli 2,5K markaziy sensorli ekran va 26,8 dyuymli W-HUD proyeksion displeyi o‘rnatilgan.
Model Xpeng‘ning o‘zida ishlab chiqilgan Turing AI chipi bilan jihozlangan. Ushbu chip hisobiga avtomobilning maksimal hisoblash quvvati 1500 TOPSga yetadi. Shuningdek, u ikkinchi avlod VLA — Vision-Language-Action modelini qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu texnologiya haydovchiga yordam beruvchi tizimlar imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Komfort imkoniyatlari

Xpeng Mona L03 yuqori darajadagi qulaylik funksiyalari bilan ham ajralib turadi. Avtomobilga 20 ta dinamikdan iborat audio tizim o‘rnatilgan bo‘lib, uning maksimal quvvati 1000 vattdan oshadi.
Shuningdek, model 14 nuqtali massaj funksiyasiga ega «zero-gravity» o‘rindiqlar, 256 xil rangli atmosfera yoritgichi va RNC — yo‘l shovqinini kamaytirish texnologiyasi bilan jihozlangan.
Salonda jami 40 ta saqlash bo‘limi mavjud. Orqa yukxona hajmi 539 litrni tashkil etadi, o‘rindiqlar buklanganda esa bu ko‘rsatkich 1640 litrgacha oshadi. Bundan tashqari, old qismda 102 litrli qo‘shimcha yukxona ham bor.
EREV va to‘liq elektr versiyalar
Xpeng Mona L03 ikki xil kuch qurilmasi bilan taklif etiladi: uzaytirilgan yurish zaxirasiga ega EREV va to‘liq elektr BEV versiyasi.

EREV versiyasi 1,5 litrli benzinli range extender bilan jihozlangan. Ushbu dvigatel 70 kVt quvvat ishlab chiqaradi va asosan akkumulyatorni quvvatlash uchun ishlaydi. Harakatlantiruvchi elektr motorning maksimal quvvati 183 kVt yoki 246 ot kuchiga teng.
Bu versiyada CLTC sikli bo‘yicha sof elektr yurish zaxirasi 315 kmni tashkil etadi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1330 kmga yetadi. WLTC sikli bo‘yicha yoqilg‘i sarfi 100 kmga 5,16 litr deb ko‘rsatilgan.
To‘liq elektr versiyada ham 183 kVt yoki 246 ot kuchiga ega motor qo‘llanadi. Avtomobil CALB kompaniyasining litiy-temir-fosfat akkumulyatorlari bilan jihozlanadi. Xaridorlarga 56 kVt·soat va 69 kVt·soat sig‘imli batareya variantlari taklif etiladi.
Ushbu versiyalarda CLTC bo‘yicha yurish zaxirasi mos ravishda 525 km va 625 kmni tashkil qiladi. Elektromobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 6,6 soniyada chiqadi. Energiya sarfi esa 100 kmga 11,9 kVt·soat deb e’lon qilingan.
Xitoy bozorida raqobat kuchaymoqda
Mona L03 Xpeng‘ning nisbatan ommaviy narx segmentidagi muhim modeli bo‘lishi kutilmoqda. 21 ming dollardan boshlanadigan narx, 1500 TOPS hisoblash quvvati, EREV va BEV versiyalarining mavjudligi hamda boy texnologik jihozlar modelni Xitoy elektromobil bozorida kuchli raqobatchiga aylantirishi mumkin.
Rasmiy savdolar boshlanishi bilan modelning yakuniy narxlari, komplektatsiyalar bo‘yicha aniq farqlar va dastlabki yetkazib berish muddatlari ma’lum bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng Mona L03 avtomobili taqdimot oldidan namoyish qilingani haqida yozgan edi.