Ali Xomanaiy vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tmoqda

eʼlon qilindi
Eron rasmiylari dafn marosimlariga millionlab odamlarni jalb etishga urinmoqda
Ali Xomanaiy dafn marosimi bo‘lib o‘tmoqda
Foto: Tasnim

Eron hukumati AQSh va Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lgan oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari boshlandi. U 9-iyulgacha davom etadi.

Reuters xabariga ko‘ra, marosimlar Tehronda boshlanib, keyingi kunlarda Qum, Mashhad hamda Iroqning Najaf va Karbalo shaharlarida davom etadi.

Xomanaiyning o‘limi va uning o‘rniga o‘g‘li Mujtaba Xomanaiyning Eronning uchinchi oliy rahbari sifatida kelishi Islom Respublikasi tarixidagi eng muhim siyosiy voqealardan biri sifatida baholanmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Mujtaba otasi halok bo‘lgan zarba vaqtida og‘ir yaralangan va urush boshlanganidan beri uning yangi suratlari ommaga ko‘rsatilmagan.

Rasmiy marosimlar «Biz ko‘tarilishimiz kerak» shiori ostida o‘tkaziladi. 4-iyul kuni Tehrondagi Imom Humayniy Musallasida ikki kunlik vidolashuv boshlanadi. 6-iyul kuni Tehronda asosiy dafn yurishi, 7-iyul kuni Qum shahrida marosimlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ali Xomanaiy dafn marosimi bo‘lib o‘tmoqda
Foto: Tasnim

Xalqaro delegatsiyalar va rasmiy mehmonlar

Xomanaiy xotirasiga hurmat bajo keltirgan ilk guruh tarkibida Indoneziya, Afg‘oniston, Livan, Iroq, Marokash va Turkiyadan kelgan diniy ulamolar hamda taniqli islomiy arboblar bo‘lgan. Shuningdek, Eronda rasman tan olingan diniy ozchiliklar vakillari ham Musalladagi marosimda qatnashgan.

Xabar qilinishicha, Turkmaniston, Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Ekvador va Boliviyadan rasmiy delegatsiyalar ham Tehronga yetib kelib, vidolashuv marosimlariga qo‘shilgan.

Marosim nega buncha yirik?

Foto: Reuters

Eron rasmiylari dafn marosimlariga millionlab odamlarni jalb etishga urinmoqda. Mehmonxonalar ziyoratchilar uchun 50 foizlik chegirmalar e’lon qilgan, maktablar, masjidlar va sport zallari motam marosimiga keluvchilarni joylashtirish uchun tayyorlangan.

Juma kuni Rossiya va Xitoydan kelgan xorijiy delegatsiyalar, shuningdek, boshqa rasmiylar hamdardlik bildirish marosimlarida qatnashishi kutilmoqda. Shanba kuni Xomanaiyning jasadi Tehrondagi masjidga olib boriladi. U bilan birga o‘sha zarbada halok bo‘lgan qizi, kuyovi, nabirasi hamda yangi oliy rahbar Mujtaba Xomanaiyning rafiqasi jasadlari ham olib chiqiladi.

Dushanba kuni Tehron markazida ommaviy motam yurishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng jasad Qum shahriga olib boriladi. Qum Eron shia diniy iyerarxiyasining muhim markazlaridan biri hisoblanadi. Seshanba kuni u yerda vidolashuv marosimlari o‘tkaziladi.

Avvalroq «Kursiv» AQSh va Eron zarbalarni to‘xtatishga kelishgani haqida yozgan edi.

Shuningdek