
Samsung’ning kelajakdagi Galaxy S27 Pro smartfoni 5000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanishi mumkin. Bu haqda Phone Futurist nomi bilan tanilgan Schrodinger ma’lum qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Pro deyarli Galaxy S27 Ultra’ga yaqin imkoniyatlarga ega bo‘ladi, biroq ixchamroq korpusda chiqariladi.
Smartfon taxminan 6,4 dyuymli ekran bilan taqdim etilishi mumkin. Shu sababli uni «kichik» flagman deb atashmoqda.
Batareya Galaxy S26 Ultra darajasida bo‘lishi mumkin
Galaxy S27 Pro’ga 5000 mA/soat batareya o‘rnatiladi. Bu ko‘rsatkich Galaxy S26 Ultra’dagi batareya sig‘imiga teng bo‘lishi aytilmoqda.
Samsung bunday smartfonga bundan kattaroq batareya ham o‘rnatishi mumkin edi. Biroq kompaniya hozircha kremniy-uglerodli akkumulyatorlardan ommaviy foydalanishga shoshilmayapti.
Samsung yangi batareyalarga ehtiyotkor yondashmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung kremniy-uglerodli batareyalar uzoq muddat barqaror ishlashi, xavfsizligi, xizmat muddati va millionlab qurilmalar uchun yetarli hajmda ishlab chiqarilishiga ishonch hosil qilmoqchi.
Shundan keyingina kompaniya bu turdagi batareyalarni flagman smartfonlarda keng qo‘llashi mumkin.
Hozircha Samsung an’anaviy litiy-ion batareyalarni takomillashtirish yo‘lidan borayotgani aytilmoqda. Kompaniya akkumulyator kimyoviy tarkibi va elementlar tuzilishini yaxshilashga e’tibor qaratmoqda.
Yangi batareyalar xarajatni oshiradi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S Ultra seriyasidagi har 1 mln dona smartfon uchun oddiy litiy-ion batareyalar xaridiga taxminan $12–15 mln sarflaydi.
Kremniy-uglerodli batareyalardan foydalanish esa bu xarajatni har 1 mln qurilma uchun $22–$28 mlngacha oshirishi mumkin. Bunga qo‘shimcha sertifikatlash va ishlab chiqarishni moslashtirish xarajatlari kiritilmagan.
Xitoy brendlari bu yo‘nalishda oldinda
Samsung flagman smartfonlari millionlab dona sotiladi. Shu sababli bitta batareya narxidagi kichik farq ham kompaniya uchun katta umumiy xarajatlarga olib keladi.
Shu bois Samsung yangi avlod batareyalarini joriy etishda ehtiyotkor harakat qilmoqda. Xitoy smartfon ishlab chiqaruvchilari esa kremniy-uglerodli batareyalarni flagman va o‘rta segment qurilmalarida faolroq qo‘llay boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S27 smartfonlarida Privacy Display funksiyasini joriy etishi xabar qilingandi.