Toshkent va Andijonda kadastr bilan bog‘liq korrupsiya holatlari fosh etildi

Toshkent shahri va Andijon viloyatida kadastr tizimi bilan bog‘liq ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
O‘tkazilgan tadbir davomida Kadastr agentligining Yashnobod tuman bo‘limi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali $2 ming olgan vaqtida ushlandi. Ma’lum qilinishicha, u xizmat mavqeidan foydalangan holda mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan yengil konstruksiyali qurilmalarni buzib tashlamaslik va unga nisbatan jarima qo‘llamaslik evaziga pul talab qilgan.

Yana bir holat Andijon shahrida aniqlangan. 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro xaridorga Andijon tumani Xakan sanoat hududida joylashgan, davlat zaxirasidagi 40 sotix yer maydonini go‘yoki «E-auksion» orqali yutib olganini aytgan. U kelgusida kadastr tizimidagi tanishlari orqali yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga $160 ming talab qilgan.
DXX, IIB va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro oldindan $80 ming olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Jizzax va Samarqandda ikki advokat pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.