
Chevrolet’ning yangi elektromobili — Chevrolet Blazer EV 2027 narxlari e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Model yangi yilga bir nechta yangilanishlar bilan kirib kelayotgan bo‘lsa-da, General Motors uning boshlang‘ich narxlarini 2026-yilgi versiya darajasida saqlab qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yilgi Chevrolet Blazer EV’ning boshlang‘ich LT versiyasi old g‘ildirakdan tortuvchi konfiguratsiyada $46 495 dan boshlanadi.
To‘liq uzatmali LT esa $49 495 narxda baholangan. RS komplektatsiyasi old g‘ildirakdan tortuvchi versiyada $52 295, to‘liq uzatmali ko‘rinishda esa $55 295 turadi. Eng yuqori va sportga yo‘naltirilgan SS AWD versiyasining narxi $62 495 dan boshlanadi. Ushbu summalarning barchasiga $1795 miqdoridagi yetkazib berish xarajati kiritilgan.

Nimalar o‘zgaradi
2027-yilgi Blazer EV narxlar bo‘yicha o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, texnik va jihozlar qismida ayrim yangiliklar bor. Model endi North American Charging Standard, ya’ni NACS quvvatlash portiga ega bo‘ladi. Bu esa avtomobilga Tesla Supercharger stansiyalaridan adapterlarsiz foydalanish imkonini beradi.
Shuningdek, Chevrolet model uchun kuzov ranglari palitrasini yangilagan. Unga White Sands nomli yangi rang qo‘shildi. Bundan tashqari, avtomobil tashqi ko‘rinishida mayda o‘zgarishlar amalga oshirilgan, LT va RS versiyalari uchun yaxshilangan premium audio tizimining mavjudligi kengaytirilgan.

Chevrolet Blazer EV GM’ning elektromobillar uchun mo‘ljallangan BEV3 platformasida ishlab chiqariladi. Model old g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq uzatmali konfiguratsiyalarda, shuningdek, yuqori unumdor SS versiyasida taklif etiladi.
2027-yilgi Blazer EV ishlab chiqarilishi shu oy oxirida Meksikadagi GM Ramos Arizpe Assembly zavodida boshlanishi rejalashtirilgan. Ushbu korxonada Cadillac Optiq va Chevy Equinox EV ham yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker 2026 sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.