2030-yilgacha chegaradan oʻtuvchi yuk mashinalari soni kuniga 10,5 mingtaga yetkaziladi — Bojxona qoʻmitasi raisi

Oʻzbekistonda chegara bojxona postlarining oʻtkazuvchanlik quvvatini oshirish, yangi logistika markazlarini ishga tushirish va qoʻshni davlatlar bilan «yagona toʻxtash» tamoyilini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonovning Oʻzbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qilishicha, xorijiy davlatlar, xususan, qoʻshni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar kengaygani sari chegaradan oʻtayotgan transport vositalari oqimi ham keskin oshmoqda.

Soʻnggi uch yilda Oʻzbekiston chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan yuk avtomobillari soni 70 foizga koʻpaygan. Hozirda postlar orqali bir sutkada oʻrtacha 5,1 mingdan ortiq yuk mashinasi oʻtmoqda.
Mavlonovga koʻra, amaldagi beshta bojxona-logistika markazi mavjud yuk oqimini toʻliq qamrab olishga yetmayapti. Shu sababli yana toʻqqizta logistika markazini ishga tushirish, chegara postlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, haydovchilar uchun oshxona, yotoqxona va boshqa zarur infratuzilmalarni yaratish boʻyicha topshiriqlar berilgan.
Qoʻmita raisi ayrim qoʻshni davlatlar bilan chegaradagi postlarda «one stop» — yagona toʻxtash tamoyilini joriy etish rejalashtirilayotganini ham bildirdi. Bu tizimda ikki davlatning nazorat organlari bitta punktda faoliyat yuritadi, transport vositasi esa chegarada faqat bir marta toʻxtaydi.
«Oʻtkazuvchanlik quvvatini oshirish maqsadida ikkita davlat bilan chegaradagi postlarni yagona punktga birlashtirib, oʻrtada bitta «one stop» joyini tashkil etish orqali avtomobillarga yengillik yaratish topshirildi. Bu ishlarning ijrosi kelgusida toʻliq taʼminlanadi», — dedi Mavlonov.
Uning qayd etishicha, belgilangan chora-tadbirlar natijasida Oʻzbekiston chegaralari orqali kuniga 10 mingdan ortiq yuk avtomobili harakatlanishi mumkin. Bu yangi ish oʻrinlari yaratilishi va mamlakat iqtisodiy salohiyatining oshishiga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻiston va Oʻzbekiston chegarasidagi ikkita oʻtkazish punkti xalqaro maqom olishi haqida yozgan edi. Unga koʻra, Qozogʻiston Senati Qozogʻiston – Oʻzbekiston davlat chegarasidagi «Sirdaryo – Malik» va «Selinniy – Oqoltin» avtomobil oʻtkazish punktlari maqomini oʻzgartirishni nazarda tutuvchi protokolni ratifikatsiya qildi.