Oliy ta’limda qator yangi yoʻnalish va mutaxassisliklar joriy etildi

Oʻzbekistonda oliy ta’lim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Tegishli buyruq Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Oʻzgarishlardan maqsad oliy ta’lim tizimini zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashdan iborat.
Endilikda bakalavriat bosqichida ekologiya va atrof-muhit, yashil iqtisodiyot, iqlim oʻzgarishi, qayta tiklanuvchi energiya, suv resurslarini boshqarish, mobil robototexnika, uchuvchisiz uchish apparatlari, barqaror qishloq xoʻjaligi, ekoturizm va temir yoʻl muhandisligi kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlanadi.
Magistraturada ham qator yangi mutaxassisliklar ochildi. Ular orasida xalqaro energetik siyosat, xalqaro suv diplomatiyasi, sirkulyar iqtisodiyot, barqaror moliya, rivojlanish iqtisodiyoti, ekologiya huquqi, xalqaro savdo huquqi, nazariy va muhandislik fizikasi, urbanistika, barqaror shaharsozlik, iqlimga chidamli oʻrmon xoʻjaligi hamda barqaror turizm kabi yoʻnalishlar bor.
Shuningdek, klassifikatorga boshqa oʻzgartirishlar ham kiritildi. Xususan, bakalavriatdagi ayrim yoʻnalishlar qayta nomlandi, magistraturadagi «Davlat va harbiy boshqaruv» mutaxassisligi tasdiqlandi hamda 799-pozitsiya klassifikatordan chiqarildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan magistraturaga hujjat topshirish boshlangani haqida xabar bergan edi.