Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi yopilgani aytilmoqda

eʼlon qilindi
Uning eksponatlari xavf ostida qolgan
Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi yopilgani aytilmoqda
Foto: uzbekistan travel

Yozuvchi Shukur Jabbor Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llab, Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi yopilgani va uning eksponatlari xavf ostida qolganini ma’lum qildi.

Murojaatda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi o‘z binosidan ko‘chirilayotgani yozilgan. Shukur Jabborning aytishicha, muzeyning kelgusi taqdiri hozircha aniq emas. Muallif muzey vaqtincha yopildimi yoki butunlay faoliyatini to‘xtatadimi, bu davlat rahbari e’tiboriga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.

70 mingga yaqin noyob ashyo xavf ostida qolgani aytilmoqda

Murojaatda muzey 1968-yildan buyon ta’mirlanmagani qayd etilgan. Shukur Jabborning yozishicha, yetarli sharoit yaratilmagani sababli 70 mingga yaqin noyob ashyolar avvaldan xavf ostida bo‘lgan.

Uning ta’kidlashicha, muzey o‘z binosidan ko‘chirilayotgan bo‘lsa-da, unga hozircha boshqa joy ajratilmagan. Ayrim eksponatlar vaqtincha Islom sivilizatsiyasi markazining yerto‘lasiga joylashtirilgani aytilmoqda.

Muzey uzoq yillar davomida o‘zbek xalqining ko‘p asrlik adabiy merosini jamlash, saqlash, targ‘ib qilish va o‘rganish bilan shug‘ullanib kelgan.

Murojaatda muzey XV – XXI asrlar adabiyoti tarixini aks ettiruvchi boy ekspozitsiyaga ega bo‘lgani qayd etilgan.

Muzeyda qo‘lyozmalar va nodir eksponatlar saqlangan

Shukur Jabborning yozishicha, muzeyda o‘zbek adabiyotiga oid qo‘lyozmalar, toshbosma kitoblar, xalq hofizlarining ovoz yozuvlari, naqqoshlik va amaliy san’at namunalaridan iborat boy fond mavjud bo‘lgan.

Muzey ekspozitsiyalarida Alisher Navoiy, Jomiy, Bobur, Zebuniso, Nodira, Uvaysiy kabi adib va shoirlar merosiga oid asarlar, qo‘lyozmalar, suratlar, haykallar va boshqa tarixiy buyumlar saqlangani aytiladi.

Shuningdek, muzeyda 200 dan ortiq o‘zbek shoir va yozuvchilari ijodiy yo‘lini yorituvchi ko‘rgazmalar bo‘lgan.

Bino ham tarixiy ahamiyatga ega

Murojaatda muzey joylashgan bino ham noyob me’moriy yodgorlik sifatida tilga olingan. Bino 1933 – 1936-yillarda qurilgan. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi – ICOM tashkiloti a’zosi bo‘lgani ham qayd etilgan.

Shukur Jabbor murojaatida prezidentning 2026-yil 1-iyundagi madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga oid farmonini eslatgan.

U ushbu hujjatda ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sharoit yaratish, madaniyat va adabiyot sohalarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilanganini ta’kidlab, Adabiyot muzeyi ham e’tibordan chetda qolmasligiga umid bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziya poytaxtida Alisher Navoiy haykali ochilgandi. Marosimda Alisher Navoiyning adabiy merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyatning bebaho boyligi ekani ta’kidlandi.

Shuningdek