Bolalar oromgohlari yo‘llanmasining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi

eʼlon qilindi
Yo‘llanma narxlari allaqachon 50 foizlik davlat subsidiyasi hisobga olingan holda shakllantirilgan
Bolalar oromgohlari yo‘llanmasining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi
Foto: O‘zA

Endilikda bolalar yozgi oromgohlariga yo‘llanmalarni my.gov.uz portali orqali onlayn rasmiylashtirishi mumkin. Bunda yo‘llanma narxining 50 foizi maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Elektron xizmat orqali ota-onalar portalga kirib, farzandini tanlashi, o‘ziga ma’qul oromgoh va mavsumni belgilashi, to‘lovni amalga oshirgach esa yo‘llanmani yuklab olishi mumkin.

Yo‘llanma band qilingandan so‘ng 30 daqiqa ichida to‘lovni to‘liq amalga oshirish talab etiladi. Aks holda, buyurtma avtomatik ravishda bekor qilinadi va yo‘llanma qayta sotuvga chiqariladi.

Portalda ko‘rsatilgan yo‘llanma narxlari allaqachon 50 foizlik davlat subsidiyasi hisobga olingan holda shakllantirilgan.

my.gov.uz orqali bolalar oromgohiga yo‘llanma olish bo‘yicha qo‘llanma

1-qadam. Xizmatni oching

my.gov.uz portaliga kiring va «Bolalar sog‘lomlashtirish oromohlariga yo‘llanma olish» xizmatini tanlang.

2-qadam. Arizachi ma’lumotlarini tekshiring

Tizim avtomatik ravishda quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatadi:

  • Arizachining JShShIRi;
  • Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan viloyat;
  • Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan tuman (shahar).

Ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiring.

3-qadam. Farzandingizni tanlang

«Farzandingizni tanlang» maydonidan yo‘llanma rasmiylashtiriladigan bolani belgilang.

4-qadam. Oromoh hududini tanlang

«Oromoh hududi» bo‘limida farzandingiz dam olishini istagan viloyat yoki hududni tanlang.

5-qadam. Telefon raqamini kiriting

Siz bilan bog‘lanish uchun amaldagi telefon raqamingizni kiriting.

6-qadam. Muhim eslatmaga e’tibor bering

Xizmat sahifasida quyidagi ogohlantirish berilgan:

  • Yo‘llanma narxiga tranzaksiya xizmati xarajatlari qo‘shilgan.
  • Yo‘llanma band qilingandan so‘ng 30 daqiqa ichida to‘lovni amalga oshirish lozim.
  • Belgilangan vaqt ichida to‘lov qilinmasa, ariza avtomatik ravishda bekor qilinadi.

7-qadam. Keyingi bosqichga o‘ting

Barcha ma’lumotlarni to‘ldirgach, «Keyingisi» tugmasini bosing va ommaviy oferta shartlarini qabul qilib, oromoh, mavsum hamda to‘lov jarayonini yakunlang.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bolalarni oromgohlarga olib borish uchun mingta avtobus tayyorlangani haqida yozgandi.

Shuningdek