Yorilgan quvurdagi kanalizatsiya suvi Salar kanaliga oqizib yuborilgan

Shota Rustaveli ko‘chasidagi qurilish obyektida avariya sabab yorilgan quvurdagi kanalizatsiya suvlari Salar kanaliga sizib chiqqan. Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi holatni o‘rgandi.
O‘tkazilgan tekshiruv davomida qurilish ishlari vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida oqova suv quvuriga shikast yetgani va buning natijasida oqova suvlar Salar kanaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri tashlanayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan kanal suvidan namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborildi.

Shuningdek, qo‘shimcha o‘rganishlar davomida qurilish obyektidan hosil bo‘layotgan oqova suvlarning Salar kanaliga oqizilishi to‘xtatildi. Oqova suvlar belgilangan tartibda markaziy kanalizatsiya tarmog‘iga yo‘naltirildi. Natijada suv obyektining ifloslanishining oldi olinib, ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi.

Boshqarma ma’lum qilishicha, laboratoriya tahlillari va o‘rganish yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilmagani yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi. Qo‘shimcha ma’lumotlar tekshiruv ishlari yakunlangach e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda daryo temir yo‘lning bir qismiga zarar yetkazgani haqida yozgan edik.