2030-yilgacha Samarqand “yashil shahar”ga aylantiriladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandni 2030-yilgacha ekologik barqaror, iqlim o‘zgarishiga moslashgan zamonaviy «yashil shahar»ga aylantirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi.
Taqdimotda mamlakat hududining qariyb 80 foizi cho‘l va yarim cho‘l hududlaridan iborat ekani, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yerlarning degradatsiyasi ekologik muammolarni kuchaytirayotgani qayd etildi.
Cho‘llanishga qarshi yangi dastur
2026–2030-yillarga mo‘ljallangan rejaga ko‘ra, 1,27 mln gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash, cho‘l, tog‘ va tog‘oldi hududlarida 16 ming gektar himoya o‘rmonzorlarini yaratish rejalashtirilgan. Surxondaryoda 10 ming gektar yashil qoplamalar tashkil etish, Sirdaryoda esa 84 kilometrlik «yashil devor» barpo etish taklif qilindi.
Prezident cho‘l hududlarini faqat ekologik muammo emas, balki iqtisodiy imkoniyat sifatida rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda cho‘l o‘simliklari urug‘chiligi va ko‘chatchiligini rivojlantirish, galofit o‘simliklar yetishtirish, yaylovlar unumdorligini oshirish, chorvachilik va ekologik turizmni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
«Green Samarkand» modeli
Taqdimotda Samarqandni Markaziy Osiyodagi ekologik barqaror shaharga aylantirish bo‘yicha «Green Samarkand» modeli ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, 2030-yilgacha atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish, PM2.5 va PM10 zarrachalarini 50 foizga qisqartirish, qurilishlardan chiqadigan changni 80 foizga, transport ifloslanishini esa 50 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, chiqindi poligonlari hajmini ikki baravar qisqartirish va shahardagi yashil hududlar ulushini o‘rtacha 30 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Elektrobuslar, «yashil belbog‘» va yangi infratuzilma
Loyiha doirasida Samarqandda 50 ta elektrobus xarid qilinadi, 150 ta yangi svetofor o‘rnatiladi va 2030-yilgacha jamoat transporti hamda taksi xizmatini to‘liq elektr transportiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, shahar atrofida 102,7 kilometr uzunlikdagi va 3532 gektar maydonni qamrab oluvchi «yashil belbog‘» barpo etiladi.
Bundan tashqari, kamida to‘rtta sun’iy ko‘l va suv havzasi tashkil etish, 10 ta yangi favvora qurish, 319 kilometr uzunlikdagi ariqlar tizimini qurish va tiklash ham nazarda tutilgan.
«Yashil Samarqand» loyiha ofisi
Loyihani amalga oshirish uchun Samarqand viloyati hokimligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ishtirokida «Yashil Samarqand» loyiha ofisi tashkil etiladi. Ofis ekologiya, transport, qurilish, turizm, sanoat va kommunal xizmatlar yo‘nalishidagi ishlarni yagona tizim asosida muvofiqlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini bog‘lovchi ilk lyuks poyezd yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.