Yevropada o‘rmon yong‘inlari: minglab gektar maydonlar kulga aylandi

Fransiya, Gretsiya, Ispaniya va Portugaliyada davom etayotgan yirik o‘rmon yong‘inlari minglab gektar hududni qamrab olib, aholini evakuatsiya qilishga sabab bo‘ldi. Bu haqda DW agentligi ma’lum qildi.
Fransiyada minglab odam evakuatsiya qilindi
Fransiyaning Sharqiy Pireney departamentida yong‘in 4-iyul oqshomida Perpinyan shahri yaqinidagi borish qiyin bo‘lgan hududda boshlandi. Yong‘inni o‘chirish ishlariga 700 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi, 200 ta maxsus texnika hamda o‘nga yaqin samolyot va vertolyot jalb etilgan. Hodisa oqibatida bir nafar o‘t o‘chiruvchi va bir mahalliy aholi vakili og‘ir jarohat olgan.
Mahalliy hokimiyat 5 ming nafar aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qildi. Shuningdek, 6-iyul kuni Fransiyaning yana 41 departamentida yong‘in xavfi yuqori ekani, ulardan yettitasida eng yuqori xavf darajasi e’lon qilingani ma’lum qilindi.

Gretsiyada zaharli tutun sabab ogohlantirish berildi
Gretsiyaning Saloniki shahri yaqinidagi chiqindilarni qayta ishlash zavodida yuzaga kelgan yong‘in oqibatida quyuq qora tutun shahar markazigacha tarqaldi. Rasmiylar aholini derazalarni yopish va zaharli tutun xavfi sabab ko‘chaga chiqmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, uchta aholi punkti hamda parvarishga muhtoj 157 kishi yashaydigan muassasa evakuatsiya qilindi. Oreokastro hududida yong‘inni ehtiyotsizlik oqibatida keltirib chiqarganlikda gumonlanayotgan 76 yoshli erkak qo‘lga olindi. Bundan tashqari, Afina g‘arbidagi yirik o‘rmon yong‘inini bartaraf etish uchun 210 nafar o‘t o‘chiruvchi va maxsus aviatsiya jalb etilgan.
Ispaniya va Portugaliyada ham yong‘inlar
Ispaniyaning Jirona provinsiyasida 3-iyuldan buyon davom etayotgan o‘rmon yong‘ini qariyb 2,2 ming gektar maydonni qamrab olgan.
Portugaliyaning Vozela munitsipalitetida esa 2-iyulda boshlangan yong‘inni o‘chirish uchun 1 200 nafar o‘t o‘chiruvchi, 400 ta maxsus texnika va 15 ta samolyot safarbar etildi. Yong‘in 12 ming gektar hududga tarqalgan. 3-iyul kuni Ispaniya Portugaliyaga yordam sifatida 120 nafar o‘t o‘chiruvchi va 45 ta texnika yubordi. 5-iyul holatiga ko‘ra, yirik yong‘in o‘choqlarining aksariyati nazoratga olingan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda yong‘inlar hali ham saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropadagi jazirama bir haftada 4 ming kishining bevaqt vafotiga sabab bo‘lgani haqida yozgan edik.