«GAI» to‘xtatganda hujjatlarning elektron shaklini taqdim etsa bo‘ladimi

O‘zbekistonda ayrim hujjatlarning elektron shakli rasman tan olingan bo‘lsa-da, yo‘lda YPX xodimi to‘xtatgan haydovchi biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini taqdim etishi kerak. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Avvalroq «O‘zkomnazorat» inspeksiyasi 1-iyuldan boshlab pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi va boshqa 15 dan ortiq hujjatlarni MyGov ilovasi orqali elektron shaklda ko‘rsatish mumkinligi haqida xabar bergan edi. Mazkur tartib Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida ham belgilangan.
YHXX izohiga ko‘ra, elektron hujjatlar banklar, notarial idoralar, aeroportlar, poyezdlar, davlat organlari, shuningdek, ma’muriy amaliyot markazlari hamda ro‘yxatlash va imtihon olish bo‘limlarida qabul qilinadi. Biroq transport vositasini yo‘lda boshqarish jarayonida boshqa talab amal qiladi.
Qonun nima deydi?
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga muvofiq, haydovchi YPX xodimiga biometrik pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shart. Shu hujjatlardan biri yonida bo‘lsa, haydovchilik guvohnomasi, avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi hujjat, transport vositasidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat, sug‘urta polisi va oynalarni qoraytirish ruxsatnomasini alohida olib yurish talab etilmaydi.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentdagi 212 ta avtobus bekati hokimlik balansiga o‘tkazilishi haqida yozgan edi.