Qaysi oliygohlarda shtatdagi professor-o‘qituvchilar mavjud emas

O‘zbekistondagi ayrim oliy ta’lim tashkilotlarida asosiy ish joyida faoliyat yurituvchi professor-o‘qituvchilar mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu holat Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining talaba va o‘qituvchilar nisbati bo‘yicha tahlilida qayd etilgan.
Uchta oliygohda shtatdagi o‘qituvchilar ko‘rsatilmagan

«Yagona milliy mehnat tizimi» ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazida 6,5 ming nafar, Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filialida 232 nafar, Riga Nordic University’da esa 216 nafar talaba bor.
Biroq ushbu uchta oliygohda asosiy ish joyida faoliyat yurituvchi professor-o‘qituvchilar soni nol sifatida ko‘rsatilgan. Shu sababli ularda bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar sonini hisoblash imkoni bo‘lmagan.
Ayrim oliygohlarda bir o‘qituvchiga yuzlab talabalar to‘g‘ri keladi

Tahlilda ba’zi oliy ta’lim tashkilotlarida professor-o‘qituvchilar soni juda kam ekani ham aniqlangan. Masalan, IT Park University’da bir nafar o‘qituvchiga 244 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetida bu ko‘rsatkich 236,6 nafarni tashkil etgan.

Singapur menejmentni rivojlantirish institutida bir o‘qituvchiga 140,1 nafar, International School of Finance and Technology’da 133,8 nafar, «Millat umidi» universitetida esa 127,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi.
Agentlikka ko‘ra, bunday yuqori ko‘rsatkichlar talabalar bilan individual ishlash, amaliy mashg‘ulotlar, ilmiy rahbarlik va shaxsiylashtirilgan ta’lim imkoniyatlarini cheklashi mumkin.
Nodavlat oliygohlarda o‘qituvchilar yuklamasi yuqori
Davlat oliygohlarida bir nafar professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 19,1 nafar talaba to‘g‘ri keladi. Xorijiy universitetlar filiallarida bu ko‘rsatkich 32,9 nafarni, nodavlat oliygohlarda esa 55,3 nafarni tashkil etadi.
Shu tariqa nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida bir o‘qituvchiga tushadigan yuklama davlat oliygohlariga nisbatan qariyb uch baravar yuqori.
Eng yaxshi nisbat ijod va sport oliygohlarida qayd etilgan

Oliygohlar yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich ijodiy va sport ta’lim muassasalarida kuzatilgan. Ularda bir professor-o‘qituvchiga o‘rtacha 8,4 nafar talaba to‘g‘ri keladi.
Tibbiyot oliygohlarida bu ko‘rsatkich 13,6 nafarni, amaliy yo‘nalishlarda 26,8 nafarni, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlarda esa 44,3 nafarni tashkil etadi.
Mamlakat oliygohlarida 1,6 mln talaba o‘qiydi
2026-yil iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida 1,6 mlndan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularga 61 mingdan ziyod professor-o‘qituvchi dars bermoqda. Respublika bo‘yicha bir nafar o‘qituvchiga o‘rtacha 30,3 nafar talaba to‘g‘ri keladi.
Agentlik shtatdagi o‘qituvchilar yo‘qligi ayrim hollarda pedagoglarning fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Bunday xodimlar haqidagi ma’lumotlar «Yagona milliy mehnat tizimi»da aks etmasligi mumkin.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmasdan o‘qituvchilarni ta’lim faoliyatiga jalb qilish amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, endi oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar 1 foiz soliq to‘laydi. Mazkur imtiyoz qariyb 200 ming nafar oliygoh bitiruvchisini ishga oladigan tadbirkorlar uchun muhim rag‘bat bo‘lishi kutilmoqda.