O‘zbekistonda davlat boshqaruvi uchun yagona raqamli platforma joriy etiladi

eʼlon qilindi
2027-yildan esa respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi uchun yagona raqamli platforma joriy etiladi
Foto: prezident.uz

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sun’iy intellekt va yagona raqamli platforma asosida yangi bosqichga olib chiqiladi. Bu bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev taqdimot bilan tanishdi.

Elektron hukumat reytingida sezilarli o‘sish

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston BMTning «Elektron hukumat» reytingida 24 pog‘onaga yuqoriladi. 2030-yilgacha esa mamlakatni ushbu reytingning eng kuchli 30 davlati qatoriga kiritish maqsad qilingan.

Raqamli xizmatlar soni 880 taga yetadi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda raqamli davlat xizmatlari soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 525 ta xizmat va 4 million foydalanuvchini tashkil etgan.

Yagona platforma boshqaruvni soddalashtiradi

Taqdimotda davlat idoralaridagi ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlari hozircha turli platformalarda faoliyat yuritayotgani, bu esa tahlil va boshqaruv qarorlarini qabul qilishda yagona yondashuvni cheklayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Yangi tizimda hududlar iqtisodiyoti, investitsiya loyihalari, ekologik holat, xavfsizlik, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalar farovonligi, fazoviy ma’lumotlar hamda xarita qatlamlari yagona platformada jamlanadi.

Sun’iy intellekt boshqaruv samaradorligini oshiradi

Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni tahlil qilib, hududlardagi muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini nazorat qilish, resurslarni samarali taqsimlash va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Toshkentda sinov, keyin barcha hududlarda

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, yangi raqamli boshqaruv tizimi joriy yilning o‘zida Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushiriladi, 2027-yildan esa respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi mahallalar «Raqamli mahalla» platformasi orqali boshqarilishi haqida yozgandi.

Shuningdek