Farg‘onada shag‘al orasiga yashirilgan 6 kg gashish topildi

eʼlon qilindi
Tergov doirasida uning ehtimoliy sheriklarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda
Farg‘onada shag‘al orasiga yashirilgan 6 kg gashish topildi
Foto: DXX

Farg‘ona viloyatida qariyb 6 kg gashish moddasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, holat respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbiri doirasida aniqlangan. DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari viloyat Ichki ishlar va Bojxona boshqarmalari vakillari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.

Tadbir davomida Farg‘ona shahrining Beshbola mahallasida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan ayol 5 kilogramm 936 gramm gashish moddasini keyinchalik sotish maqsadida mayda shag‘al uyumi orasiga yashirib qo‘ygani aniqlangan. Giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ayol avval ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov doirasida uning ehtimoliy sheriklarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 1,3 mlrd so‘mdan ortiq tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek