Telekommunikatsiya litsenziyasini olish muddati 25 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartiriladi

O‘zbekistonda telekommunikatsiya va IT sohasini rivojlantirish maqsadida litsenziyalash tartibi soddalashtiriladi. Bu haqda prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
AT eksportchilari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi
AT eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish hamda xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman qoplash rejalashtirilmoqda.
Buxoro va Farg‘onada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlari tashkil etilib, istiqbolli startaplarni yirik xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha yangi tashabbuslar amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiya infratuzilmasi kengaymoqda
So‘nggi yillarda aholi yashash maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetdi, internet tarmoqlarining umumiy o‘tkazish qobiliyati esa 65 barobar oshdi. Shu bilan birga, olis hududlarda simli internetdan foydalanish darajasi pastligi va sohada xususiy biznes uchun mavjud imkoniyatlarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Litsenziyalash tartibi soddalashtiriladi
Telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha amaldagi ikki turdagi litsenziya yagona litsenziyaga birlashtiriladi, uni berish muddati esa 25 ish kunidan 10 ish kunigacha qisqartiriladi.
Yangi uylar yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi
Ko‘p qavatli uylarni loyihalash va qurishda optik tolali internet infratuzilmasini oldindan nazarda tutish talabi joriy etiladi. Bu yangi turar joylarda sifatli va yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ta’minlash imkonini beradi.
Yosh tadbirkorlarga 530 mln so‘mgacha kredit ajratiladi
«Kelajak tadbirkori» dasturi doirasida telekommunikatsiya sohasida faoliyat boshlayotgan yoshlarga 2 yillik imtiyozli davr, 7 yil muddatga, 15 foiz stavkada 530 million so‘mgacha kredit ajratish taklif qilindi. Shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda yagona tovar tasnifi va milliy navigatsiya tizimi yaratilishi haqida yozgandi.