Qashqadaryoda 800 dollar olgan mehnat inspektori fosh etildi

Qashqadaryo viloyatida fuqaroni ishga joylashtirib qo‘yish evaziga $800 olgan davlat mehnat huquq inspektori fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida muqaddam sudlangan inspektor yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filialiga orastabon vazifasiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan.
Shaxs ushbu xizmat evaziga fuqarodan firibgarlik yo‘li bilan $800 olgan. Pulning $200 va 3,3 mln so‘mlik qismi qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik hamda pora berishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentda ikki fuqaro 22 ta qurol va 298 ta o‘q-dori topshirgani haqida yozgan edi.