AQSh Eron neftiga sanksiyalarni qaytardi, Brent 5 foizga oshdi

AQSh Moliya vazirligi Eron neftini eksport qilishga imkon bergan vaqtinchalik sanksiya yengilligini bekor qildi. Qaror Hormuz bo‘g‘ozida bir nechta tankerga hujum qilinganidan keyin qabul qilindi.
Bu xabardan so‘ng neft narxlari keskin ko‘tarildi. Brent markali neft fyucherslari 5,5 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun $75 dan oshdi.
Vaqtinchalik ruxsat bekor qilindi
Avvalroq AQSh va Eron o‘rtasidagi vaqtinchalik tinchlik kelishuvi doirasida Tehronga neft eksportini 60 kun davomida tiklashga ruxsat berilgan edi.
Ushbu ruxsat 21-avgustgacha amal qilishi va shu vaqt ichida tomonlar yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishi ko‘zda tutilgan. Kelishuv shartlaridan biri tijorat kemalariga hujumlarni to‘xtatish edi.
AQSh ma’muriyati vakilining aytishicha, Eronning so‘nggi harakatlari Vashington uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat bo‘lgan va bu oqibatsiz qolmaydi.
Hormuz bo‘g‘ozida xavf darajasi oshirildi
7-iyul kuni Birlashgan dengiz axborot markazi Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi uchun xavf darajasini «jiddiy» bosqichga ko‘tardi. Markaz Eron tomonidan ataylab dushman kabi harakatlar sodir etilishi ehtimoli yuqori ekanini bildirdi.
7-iyulga o‘tar kechasi AQSh harbiy-dengiz kuchlari qo‘riqlayotgan yo‘nalishda harakatlangan bir nechta kema hujumga uchragan. Qatar Eronni Al-Rekayyat suyultirilgan gaz tankeriga hujum qilishda aybladi. Shuningdek, Saudiya Arabistoniga tegishli tanker ham zarar ko‘rgan.
Buyuk Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari markazi bir hafta ichida Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida tankerlarga hujum qilingani haqida uchta xabar olgan.
Neft bozorida taqchillik xavfi kuchaydi
Eron neftiga qo‘yilgan sanksiyalarning vaqtincha yumshatilishi bozorda taklif kamayishi haqidagi xavotirlarni pasaytirib, narxlarning o‘sishini cheklab turgan edi.
Endi sanksiyalarning qayta joriy etilishi Eron nefti eksportining yana qisqarishiga va jahon bozorida taqchillik xavfining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Kelishuv kelajagi savol ostida qoldi
Tahlilchilarning fikricha, Eronning tijorat kemalariga hujumlarni qayta boshlashi va atigi 16 kun amal qilgan yengillikning bekor qilinishi vaqtinchalik kelishuv yakunlanishi mumkinligini anglatadi.
Obsidian Risk Advisors rahbari Brett Erikson AQSh qarorini muzokaralar uchun xavfli deb baholadi. Uning fikricha, sanksiya yengilligi Eronga katta iqtisodiy foyda bermagan, biroq uni bekor qilish butun kelishuvning buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston yonilg‘i taqchilligi xavfi sabab O‘zbekistonga murojaat qilgandi. Vazirlikka ko‘ra, hozirda Qirg‘izistonda yonilg‘i-moylash materiallari bo‘yicha yetarli zaxiralar shakllantirilgan. Yetkazib berish avval tuzilgan shartnomalar asosida doimiy amalga oshirilmoqda va jarayon davlat organlari nazoratida.