Farg‘onada 1,5 mlrd so‘m kreditni o‘zlashtirgan shaxs aniqlandi

Farg‘ona shahrida 1,5 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirib, bank manfaatlariga zarar yetkazgan MChJ rahbari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Farg‘ona shahri bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruvda MChJ rahbari «Mikrokreditbank»ning Farg‘ona bank xizmatlari ofisidan ajratilgan 1,5 mlrd so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Natijada bank manfaatlariga moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga oid 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Qashqadaryoda 800 dollar olgan mehnat inspektori fosh etilgani haqida yozgan edi.