Uzum logistika infratuzilmasiga 500 mln dollardan ortiq sarmoya kiritdi

Milliy raqamli ekotizim Uzum O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamlashtirish va elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida bugungacha $500 mlndan ortiq investitsiya kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Uzum Market hamkor tadbirkorlari hozirda 112 ming kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan mamlakatdagi eng yirik elektron tijorat logistika majmuasidan foydalanmoqda. 2026 – 2028-yillar davomida Toshkent va hududlarda logistika quvvatlarini bir necha barobar oshirish rejalashtirilgan. Shu doirada yirik hajmli mahsulotlar uchun yangi saralash markazi va ombor majmuasi qurilishi boshlangan.
Kuniga 600 mingtagacha buyurtma qayta ishlanadi
Yangi logistika infratuzilmasi ishga tushirilgach, Uzum Market kuniga 600 mingtagacha tovarni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, mebel, maishiy texnika va boshqa yirik hajmli mahsulotlarni saqlash uchun 26 ming pallet o‘rni yaratiladi.
«Uzum Market ishga tushirilgandan buyon butun bir sohani rivojlantirishning drayveri bo‘lib kelmoqda — biz tadbirkorlarni o‘qitamiz va ularga o‘z bizneslarini qonuniylashtirishga yordam beramiz, mamlakatda yetishmayotgan omborxonalarni quramiz, ish o‘rinlari va yangi kasblar yaratamiz. Millionlab o‘zbekistonliklar uchun Uzum Market elektron tijoratning sinonimiga aylandi va biz o‘sishga sarmoya kiritishda davom etmoqdamiz», – dedi Uzum E-com bosh direktori Dmitriy Benzoruk.
Hududlardagi tarmoq kengaymoqda
Kompaniya markaziy logistika markazi bilan bir qatorda hududiy infratuzilmani ham rivojlantirmoqda. Hozirda Samarqand, Farg‘ona, Jizzax, Qarshi, Namangan, Navoiy, Buxoro, Urganch va Termiz shaharlarida jami 9 ta kross-doking ombori faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda Uzum Market tarmog‘i mamlakatning 626 ta aholi punktida 2 100 dan ortiq buyurtmalar topshirish nuqtasini qamrab olgan. Marketpleysda 18 mingdan ortiq faol sotuvchi ishlamoqda, xaridorlar uchun esa 400 milliondan ortiq mahsulot taklif etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum Market’da futbol tovarlari savdosi bir necha baravar oshgani haqida yozgandi.