«Qo‘qon holvasi» davlat himoyasiga olindi

eʼlon qilindi
Geografik ko‘rsatkich maqomi mahsulotning asl kelib chiqishi va sifatini saqlashga xizmat qiladi
Foto: Adliya vazirligi

Farg‘ona viloyatining mashhur milliy shirinligi — «Qo‘qon holvasi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur mahsulotning geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi uning nomi, an’anaviy tayyorlash texnologiyasi va o‘ziga xos sifat xususiyatlarining huquqiy himoyasini ta’minlaydi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Qo‘qon shahri qadimdan hunarmandchilik va milliy qandolatchilik rivojlangan markazlardan biri bo‘lib kelgan. Aynan shu hududda tayyorlanadigan «Qo‘qon holvasi» o‘zining betakror ta’mi, sifati va an’anaviy tayyorlash usuli bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham e’tirof etilgan.

Geografik ko‘rsatkich maqomi mahsulotning asl kelib chiqishi va sifatini saqlashga xizmat qiladi. Shuningdek, u Farg‘ona viloyatining gastronomik merosini asrash, hududning milliy brendini rivojlantirish hamda xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligi hamda uning sifati, obro‘si va o‘ziga xos xususiyatlari aynan o‘sha hududning tabiiy, iqlimiy va ijtimoiy-madaniy omillari bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijon devzira oshi geografik ko‘rsatkichlar qatoriga kirgani haqida yozgandi.

Shuningdek