Benzin eksporti: Qozog‘iston O‘zbekistondan transportlar kirishini chekladi

eʼlon qilindi
Bir sutkada faqat bir marta
Benzin eksporti: O‘zbekistondan Qozog‘istonga transportlar kirishi cheklandi
Foto: Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi

O‘zbekistondan Qozog‘istonga kirayotgan yengil va yuk avtomobillari endi bir sutkada faqat bir marta mamlakat hududiga kirishi mumkin. Yangi cheklov yonilg‘ini noqonuniy olib chiqish holatlarining oldini olish maqsadida joriy etilgan.

Transport bir sutkada bir marta kiradi

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxan Tutqishbayevning ma’lum qilishicha, chegaradosh davlatlardan kelayotgan yengil va yuk avtomobillarining kirishi bo‘yicha yangi tartib amal qilmoqda.

Unga ko‘ra, bunday transport vositalari Qozog‘iston hududiga bir sutkada bir martadan ortiq kira olmaydi. Mazkur cheklov O‘zbekiston bilan chegaradagi yo‘nalishlarga ham taalluqli.

Qo‘shimcha yonilg‘i baklari tekshirilmoqda

Qozog‘iston hukumati yonilg‘ini noqonuniy olib chiqishga qarshi nazoratni kuchaytirgan.

Asosiy e’tibor avtomobillarga noqonuniy o‘rnatilgan qo‘shimcha yonilg‘i baklari va kanistralarda benzin yoki dizel olib chiqish holatlariga qaratilmoqda.

Nazorat ishlarida Ichki ishlar vazirligi, Moliyaviy monitoring agentligi, Chegara xizmati va bojxona organlari ishtirok etayotir.

O‘zbekiston bilan chegaradagi nazorat ham kuchaydi

Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi Jandos Duysembiyev Qozog‘iston – O‘zbekiston davlat chegarasidagi nazorat punktlarini ham o‘rgandi.

Tashrif davomida nazorat tadbirlarining tashkil etilishi baholanib, tekshiruvlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kuchaytirilgan nazorat boshlanganidan buyon 392 ta noqonuniy yonilg‘i olib chiqish holati aniqlangan.

Ularning umumiy hajmi 16 ming litrdan oshgan. Ko‘p hollarda yonilg‘i maxsus o‘rnatilgan qo‘shimcha baklar va kanistralarda olib chiqilishga uringan.

Shuningdek, 122 ta avtosisterna tekshirilgan. Ayrim holatlarda yonilg‘idan namunalar olinib, ekspertizaga yuborilgan.

Yil boshidan yuzlab urinishlar to‘xtatildi

Qozog‘iston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kun ichida nazorat punktlarida uch tonnadan ortiq yonilg‘ini olib chiqishga qaratilgan 61 ta urinish to‘xtatilgan.

Yil boshidan buyon esa neft mahsulotlarini noqonuniy olib chiqishga qaratilgan 593 ta holat aniqlangan. Qoidabuzar transport vositalari ma’muriy javobgarlikka tortilib, kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar maxsus saqlash joylariga joylashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AI-92 benzin narxi birjada tonnasi uchun qariyb 14 mln so‘mga chiqqandi.

Kursiv Uzbekistan’ning oxirgi o‘rganishlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi ko‘plab AYQShda AI-92 benzini 12 600 – 13 000 so‘m oralig‘ida sotilmoqda. Bu esa birjadagi narx o‘zgarishlari chakana bozorda ham bosqichma-bosqich aks etayotganini ko‘rsatadi.

Kursiv Uzbekistan muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan taksi haydovchilari ham yonilg‘i narxlari oshgani sezilayotganini bildirdi.

Shuningdek