Qirg‘iziston AI-95 benzini narxini davlat nazoratidan chiqardi

Qirg‘iziston hukumati AI-95 markali benzin narxini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotini bekor qildi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.
Endilikda ushbu turdagi yonilg‘i ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar ro‘yxatidan chiqariladi va uning narxi bozor tamoyillari asosida shakllanadi.
Narx cheklovi ham bekor qilindi
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, yonilg‘i-moylash mahsulotlari uchun maksimal chakana narx belgilash tartibi ham bekor qilinmoqda. Hukumat bu qarorni iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, yoqilg‘i ta’minotining uzluksizligini saqlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash zarurati bilan izohladi.
Bahordagi vaziyat bunga sabab bo‘lgan edi
Joriy yil bahorida Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlik sabab xalqaro neft bozori beqarorlashganidan so‘ng Qirg‘iziston ichki bozorda benzin va dizel narxlarining keskin oshishini jilovlash maqsadida yoqilg‘i yetkazib beruvchilarni subsidiyalash choralarini joriy qilgandi.
Qirg‘iziston importga qaram
Mamlakat iste’mol qilayotgan neft mahsulotlarining qariyb 90 – 95 foizi Rossiyadan import qilinadi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, AI-92 benzini zaxiralari taxminan uch-to‘rt haftaga yetadi.
Shu bois hukumat yonilg‘i ta’minotini diversifikatsiya qilish maqsadida Belarus, Qozog‘iston va Xitoy bilan ham neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AI-92 benzin narxi birjada tonnasi uchun qariyb 14 mln so‘mga chiqqani haqida yozgandi.