Eksportyorlar uchun yangi ogohlantirish tizimi ishga tushirildi

eʼlon qilindi
$100 ming va undan ortiq qarzdor xorijiy kompaniyalar maxsus reyestrga kiritiladi
Eksportchi tadbirkorlarga soliq
Foro: smuayc / www.depositphotos.com

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xorijiy xaridorlar bilan ishlayotgan eksportyorlarni moliyaviy xavflardan himoya qilish maqsadida ishonchsiz hamkorlarni aniqlash tizimini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Ishonchsiz kompaniyalar reyestri shakllantirildi

Qo‘mita ma’lum qilishicha, ayrim eksportyorlar mahsulotni xorijga yetkazib berganidan keyin ham uzoq vaqt davomida to‘lovni ololmayapti. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Elektron kontrakt tashqi savdo axborot tizimida ishonchsiz xorijiy hamkorlar reyestri yaratildi.

Ushbu ro‘yxatga O‘zbekistondagi hamkorlari oldidagi $100 ming va undan ortiq to‘lov majburiyatini bajarmagan xorijiy kompaniyalar kiritiladi. Reyestr doimiy ravishda yangilanib boradi.

Tizim eksportyorni avtomatik ogohlantiradi

Endilikda eksport shartnomasi elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilayotganida, agar tanlangan xorijiy hamkor avval ham O‘zbekiston rezidentlari oldidagi to‘lov majburiyatlarini bajarmagan bo‘lsa, tizim bu haqda avtomatik ravishda ogohlantirish beradi.

Bu eksportyorlarga shartnoma tuzishdan oldin hamkorning ishonchliligini baholash va ehtimoliy xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.

Bojxona qo‘mitasi qanday yo‘l tutishni tavsiya qildi

Qo‘mita ishonchsiz hamkorlar bilan ishlash zarurati tug‘ilganda tashqi savdo bitimlarini oldindan to‘lov asosida amalga oshirishni tavsiya qilmoqda. Bu eksportyorlarning mablag‘larini o‘z vaqtida olishiga va moliyaviy yo‘qotishlar xavfini kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda yuk avtomobillari importiga «rastamojka» bekor qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek