Pavel Durov Parijda olti soat so‘roq qilindi

eʼlon qilindi
Ish bo‘yicha surishtiruv davom etayotgan bo‘lsa-da, tadbirkorga qo‘yilgan ayblovlar hali isbotlanmagan
Pavel Durov Parijda olti soat so‘roq qilindi
Foto: Kod Durov

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyada olib borilayotgan tergov doirasida yana bir bor tergov sudyalari tomonidan so‘roq qilindi. Bu haqda Kod Durov kanalida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, u Parijdagi sud binosida olti soatdan ortiq vaqt davomida ko‘rsatma bergan.

Himoyachilar: ayblovlarni tasdiqlovchi dalillar yo‘q

Durovning advokatlari deyarli ikki yil o‘tganiga qaramay, tergov ayblovlarni tasdiqlovchi aniq dalillarni taqdim etmaganini ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, ish bo‘yicha surishtiruv davom etayotgan bo‘lsa-da, tadbirkorga qo‘yilgan ayblovlar hali isbotlanmagan.

Durov nimada ayblanmoqda

Fransiya huquq-tartibot organlari Pavel Durovni Telegram messenjerida sodir etilgan ayrim noqonuniy faoliyatlarga aloqadorlikda gumon qilmoqda. Tergovchilar buni platformadagi kontentni moderatsiya qilish siyosati bilan bog‘lamoqda.

Ish doirasida voyaga yetmaganlar ishtirokidagi noqonuniy materiallarni tarqatishga ko‘maklashish, giyohvandlik moddalari savdosiga aloqadorlik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilmaslik kabi bir qator ayblovlar ilgari surilgan.

Tergov 2024-yilda boshlangan

Pavel Durov 2024-yil avgust oyida Ozarbayjondan uchib kelganidan so‘ng Parijdagi Le Burje aeroportida qo‘lga olingan edi. Oradan to‘rt kun o‘tib unga nisbatan rasmiy tergov boshlangan.

Sud dastlab tadbirkordan 5 mln yevro garov puli undirish, Fransiyani tark etishni taqiqlash hamda haftasiga ikki marta politsiyaga borib turish majburiyatini yuklagan.

Safar cheklovlari yumshatilgan

2025-yil iyun oyida sud Durovga 14 kungacha Dubayga safar qilishga ruxsat bergan. O‘sha yil noyabr oyida esa uning xorijga chiqishiga qo‘yilgan cheklovlar va muntazam ravishda politsiyaga borish talabi ham bekor qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram messenjeri Hindistonda blokdan chiqarilgani haqida yozgandi.

Shuningdek