Biz Mirziyoyev bilan uchrashuvda faqat sharbat ichdik — Lukashenko

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv chog‘ida davlat rahbarlari alkogolli ichimlik iste’mol qilmaganini, faqat sharbat ichganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Minskka bordi. O‘sha kuni kechqurun ikki davlat rahbari yakkama-yakka uchrashuv va norasmiy kechki ovqat o‘tkazdi. 9-iyul kuni esa tor doiradagi muzokaralar boshlandi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng qo‘shma suratga tushish vaqtida Lukashenko jurnalistlardan ular qanday ko‘rinayotganini so‘radi. Mirziyoyev ham savolga qo‘shilgan.
«Biz yaxshi ko‘rinyapmiz, shundaymi? Kecha ichmadik. Faqat sharbat ichdik. O‘zbekiston prezidenti ichmaydi», – deya hazillashgan Belarus rahbari.
Ma’lumot uchun, Mirziyoyev Lukashenkoning taklifiga binoan 8 – 9-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Avvalroq «Kursiv» prezident Minskda tantanali kutib olingani haqida yozgan edi.