AQShda o‘zbekistonlik haydovchi ishtirokidagi YTHda talaba halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
21 yoshli talaba yigit voqea joyida vafot etgan
AQShda o‘zbekistonlik haydovchi ishtirokidagi YTHda talaba halok bo‘ldi / Foto: NBC4

AQShda o‘zbekistonlik haydovchi ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida universitet futbol jamoasi darvozaboni halok bo‘ldi. Bu haqda New York Post nashri xabar berdi.

Hodisa tafsilotlari

Unga ko‘ra, 42 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Behzod Asrarov Ogayo shtatining Medison okrugidagi I-71 avtomagistralida yuk mashinasi bilan yengil avtomobilning orqa qismiga urilgan. Oqibatda Massachusets universitetining Louell kampusi (UMass Lowell) futbol jamoasi darvozaboni, 21 yoshli Tobias Forsayt voqea joyida vafot etgan.

Foto: New York Post

Haydovchiga oid ma’lumotlar

Manbaga ko‘ra, Behzod Asrarov 2024-yilda AQShga diversifikatsion viza (Green Card) dasturi orqali borgan va Ogayo shtatida berilgan tijorat haydovchilik guvohnomasi (CDL)ga ega bo‘lgan. Hodisa joyiga yetib kelgan patrul xodimlari uning ingliz tilini yaxshi bilmagani sababli u bilan Google Translate orqali muloqot qilgan.

Tergov jarayoni

Asrarov hodisadan so‘ng yuk mashinasidagi videoregistratorni yechib olib, uni sindirish orqali yo‘q qilishga uringan. Shuningdek, u o‘ziga tegishli uchta mobil telefon va yuk tashishni qayd etuvchi elektron qurilmani ham shikastlashga harakat qilgan. Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.

Foto: New York Post

Marhum haqida

Tobias Forsayt iqtisod yo‘nalishida tahsil olgan va 2026-yilda UMass Lowell River Hawks jamoasiga qo‘shilgan. U bundan avval Ashland universitetida ikki mavsum, shuningdek, Shawnee State universitetida to‘p surgan.

Rasmiy munosabat

AQSh transport vaziri Shon Daffi hodisaga munosabat bildirib, ingliz tilini yetarli darajada bilmaydigan haydovchilarning og‘ir yuk transportlarini boshqarishi yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solishini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l belgilarini o‘qiy olmaydigan yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan muloqot qila olmaydigan haydovchilarga bunday transport vositalarini boshqarishga ruxsat berilmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 1-sentabrdan avtojarimalar qanchaga oshishi haqida yozgan edik.

Shuningdek