Alohida hurmat: Lukashenko Mirziyoyevni aeroportda shaxsan o‘zi kuzatib qo‘ydi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko rasmiy tashrifi yakuniga yetgan Shavkat Mirziyoyevni Minsk aeroportida shaxsan kuzatib qo‘ydi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.


Tashrif doirasida Minsk shahrida davlat rahbarlarining tor doiradagi hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali sheriklikni uzoq muddatli rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha yangi loyihaviy tashabbuslar ko‘rib chiqildi.

Muzokaralar yakunida prezidentlar Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Shuningdek, ular huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun berilgan bayonotlarda mazkur rasmiy tashrif O‘zbekiston va Belarus munosabatlari tarixidagi muhim voqea ekani, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab bergani alohida ta’kidlandi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston va Belarus oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishi haqida yozgan edik.