
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning birinchi murabbiyi Dmitriy An futbolchining JCh – 2026 dagi ishtirokini yuqori baholadi. U shogirdi mundialda O‘zbekiston tarixidagi ilk gol muallifiga aylanganidan faxrlanishini ta’kidladi.
Murabbiyning aytishicha, Fayzullayev turnir davomida hayajonlangan, biroq raqiblardan qo‘rqmagan va har bir uchrashuvda bor kuchi bilan harakat qilgan.

«Abbos mening shogirdim sifatida erishgan natijalaridan juda xursandman. U O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ilk golini urdi va men bundan juda faxrlanaman. Ayrim vaziyatlarda hayajon sezildi, ammo bu tabiiy holat. Unda qo‘rquv bo‘lmadi, u kurashdi», – dedi Dmitriy An «Chempionat» nashriga bergan intervyusida.
Uning fikricha, Fayzullayev ayrim epizodlarda yaxshiroq o‘ynashi mumkin edi, ammo futbolchi o‘z imkoniyatlari doirasida maksimal darajada harakat qilgan. Murabbiy yarim himoyachining hujumda faol bo‘lgani va to‘p yo‘qotilgach, tezda himoyaga qaytganini alohida qayd etdi.

U hujumda faol bo‘ldi
«Shunday o‘yinlarda futbolchi chiniqadi va yanada kuchayadi. Abbos hozircha qo‘lidan kelganining barchasini qildi, lekin u hali o‘sishda davom etadi», – dedi murabbiy.
Dmitriy An jahon chempionati futbolchilar uchun o‘zini xalqaro skautlarga ko‘rsatish imkoniyati ekanini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, Fayzullayev ayrim uchrashuvlarda o‘z salohiyatini to‘liq namoyish eta olmagan bo‘lsa-da, kuchli chempionatlardagi klublar e’tiboriga tushishi mumkin.

«Skautlar jahon chempionatidagi futbolchilarni kuzatadi. Abbos ayrim vaziyatlarda imkoniyatlarini to‘liq ko‘rsata olmadi. Ammo uni payqashsa va kuchli chempionatga taklif qilishsa, barchamiz xursand bo‘lamiz», – degan An.
Avvalroq «Kursiv» Abbosbek Fayzullayev kimga uylanayotgani haqida yozgan edi.