Meta Platforms dasturlash uchun AI-agentlar bozoriga kirdi

eʼlon qilindi
Yangi model Meta tarixidagi pulli tarifga ega ilk sun’iy intellekt mahsuloti bo‘ladi
Meta Platforms dasturlash uchun AI-agentlar bozoriga kirdi
Foto: shutterstock

Meta Platforms dasturlash va murakkab agent vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan Muse Spark 1.1 sun’iy intellekt modelini taqdim etdi. Bu haqda Oninvest xabar bermoqda.

Facebook va Instagram egasi ushbu yechim orqali OpenAI, Anthropic hamda Google bilan dasturchilar uchun AI-agentlar bozorida raqobatlashishni rejalashtirmoqda. Yangi model Meta tarixidagi pulli tarifga ega ilk sun’iy intellekt mahsuloti bo‘ladi. Kompaniya bu orqali reklama daromadlaridan tashqari yangi tushum manbasini shakllantirishni ko‘zlamoqda.

Muse Spark 1.1 nimaga qodir?

Meta AI yo‘nalishi rahbari Aleksandr Vang Muse Spark 1.1’ni kompaniyaning agent vazifalari va dasturlash bo‘yicha hozirgacha yaratilgan eng kuchli modeli deb atadi. Avvalgi versiya faqat ayrim hamkorlar uchun yopiq test shaklida mavjud edi. Endi esa dasturchilar maxsus portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, modelni ommaviy dastlabki sinovdan o‘tkazishi mumkin.

Foto: Softonic

Model kod yozishdan tashqari, turli xizmatlar va dasturlash vositalari bilan o‘zaro ishlashga moslashtirilgan. Meta ma’lumotiga ko‘ra, u ayrim agent vazifalarida raqobatchi yechimlardan yaxshiroq natija ko‘rsatgan.

Vangning aytishicha, Muse Spark 1.1 internetdan ma’lumot izlash, ilmiy maqolalarni tahlil qilish va foydalanuvchining ruxsati bilan shaxsiy ma’lumotlar asosida murakkab topshiriqlarni bajarishi mumkin. Kompaniya Watermelon kod nomli yanada kuchli model ustida ham ishlamoqda, biroq uning taqdimot muddati ochiqlanmagan.

Birinchi pulli model va yangi daromad manbai

Meta Platforms / Foto: Reuters

Har bir yangi foydalanuvchiga dastlab $20 miqdorida bepul so‘rov limiti beriladi. Keyinchalik 1 mln kiruvchi token uchun $1,25, 1 mln chiquvchi token uchun esa $4,25 undiriladi.

Meta narxlarni OpenAI va Anthropic takliflariga nisbatan raqobatbardosh darajada belgilashni maqsad qilgan. Kompaniya shu yo‘l bilan AI-infratuzilmaga sarflanayotgan katta investitsiyalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromad olishni boshlamoqchi.

Avval Meta asosan Llama turkumidagi ochiq modellarni rivojlantirgan edi. Endi kompaniya o‘z modellariga pulli kirish imkonini sotishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga, Muse Spark’ning ochiq kodli versiyasi ham tayyorlanayotgani bildirildi.

Meta yangi AI-chip ishlab chiqaradi

Foto: Wext India

Meta sentabr oyida Iris nomli yangi AI-chip ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, chip Facebook va Instagram’da ishlatiladigan sun’iy intellekt tizimlarini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Iris Broadcom bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan, uni Taiwan Semiconductor Manufacturing Co ishlab chiqaradi. Yangi chip Meta’ga hisoblash xarajatlarini kamaytirish va Nvidia hamda AMD kabi tashqi yetkazib beruvchilarga qaramlikni qisqartirish imkonini berishi mumkin.

Meta’ning hisoblash quvvatlarini 2027-yilda 14 gigavattgacha oshirish rejasi bor. Shu sababli Muse Spark 1.1 va Iris chipi kompaniyaning AI bozorida mustaqil va daromadli ekotizim yaratish strategiyasining muhim qismlaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri OpenAI AQSh hukumatiga kompaniyaning 5 foiz ulushini berishni taklif qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek