OpenAI GPT-5.6 modellarini taqdim etdi

eʼlon qilindi
Ular Sol, Terra va Luna deb nomlanadi
OpenAI GPT-5.6 modellarini taqdim etdi
Foto: Getty Images

OpenAI GPT-5.6 oilasiga kiruvchi uchta yangi sun’iy intellekt modelini namoyish qildi. Ular Sol, Terra va Luna deb nomlanadi hamda turli vazifalar uchun mo‘ljallangan.

Sol eng murakkab vazifalar uchun ishlab chiqilgan

GPT-5.6 Sol yangi oilaning eng kuchli modeli hisoblanadi. U murakkab dasturlash, ilmiy tadqiqot, kiberxavfsizlik va uzoq davom etadigan agent vazifalarini bajarishga mo‘ljallangan.

Modelda chuqurroq tahlil qilish uchun max rejimi mavjud. Shuningdek, ultra rejimida bir nechta yordamchi agentlar murakkab vazifani birgalikda bajarishi mumkin.

OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, GPT-5.6 Sol Terminal-Bench 2.1 dasturlash sinovida 91,9 foiz natija qayd etib, boshqa sinovdan o‘tkazilgan modellarni ortda qoldirgan.

Terra kundalik ishlar uchun muvozanatli model bo‘ladi

Grafik: Open AI

GPT-5.6 Terra tezlik, sifat va narx o‘rtasidagi muvozanatga yo‘naltirilgan.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, Terra GPT-5.5 darajasiga yaqin imkoniyatlarni ikki baravar arzonroq narxda taklif qiladi. Model kundalik ishlar, dasturlash va professional vazifalar uchun mo‘ljallangan.

Luna tezkor va arzon vazifalarga mo‘ljallangan

Grafik: Open AI

GPT-5.6 Luna yangi oiladagi eng tezkor va tejamkor model sifatida taqdim etildi.

U ko‘p sonli so‘rovlarni qayta ishlash, chat-botlar, avtomatlashtirish va tezkor javob talab qiladigan xizmatlarda qo‘llanishi mumkin.

Hujjat va taqdimotlar yaratish imkoniyati yaxshilandi

OpenAI yangi modellar dasturlashdan tashqari professional hujjatlar, taqdimotlar va elektron jadvallar bilan ishlash imkoniyatlarini ham yaxshilaganini bildirdi.

GPT-5.6 oilasi dasturiy ta’minot yaratish, kompyuterdan foydalanish va professional bilim talab qiladigan vazifalarda ishlashga moslashtirilgan.

Hozircha cheklangan sinov rejimida ishlaydi

OpenAI rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, GPT-5.6 Sol, Terra va Luna hozircha cheklangan sinov bosqichida API va Codex orqali ayrim hamkorlar hamda tashkilotlarga taqdim etilmoqda.

Modellar hozircha ChatGPT’da barcha foydalanuvchilar uchun ochilmagan. Kompaniya ularni ommaviy taqdim etish sanasini hali e’lon qilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI AQSh hukumatiga kompaniyaning 5 foiz ulushini berishni taklif qilgandi. Mazkur tashabbus kompaniya Vashingtondagi siyosiy bosimni kamaytirishga intilayotgan bir paytda ilgari surilgan. Joriy yil mart oyida OpenAI rekord darajadagi investitsiya raundini yakunlagan bo‘lib, kompaniyaning investitsiyadan keyingi qiymati $852 mlrdga baholangan. Shunga ko‘ra, 5 foizlik ulushning qiymati taxminan $42,6 mlrdni tashkil etadi.

Shuningdek