Prezident ICESCO bosh direktorini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi

Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi va uni «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida xalqaro tuzilma bilan amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ICESCO kafedrasi faoliyat yuritayotgani, joriy yilda Toshkent shahrida tashkilotning ofisi ochilgani ta’kidlandi. Shuningdek, fevral oyida Islom olami madaniy merosi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy meros obyekti ICESCO ro‘yxatiga kiritilgani qayd etildi.
Tomonlar madaniy yodgorliklar va qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish, muhofaza etish hamda raqamlashtirish, O‘zbekistonning boy tarixiy merosini xalqaro media platformalari orqali keng targ‘ib qilish, shuningdek, qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Uchrashuv yakunida Mirziyoyev xalqimizning boy madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Salim al-Malikni yuksak mukofot — «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Muzaffar Kamilov prezidentning diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgani haqida yozgan edik.