S&P «Navoiyuran» kredit reytingini «BB» darajasiga oshirdi

S&P Global Ratings «Navoiyuran» davlat korxonasining kredit reytingini «BB» darajasiga ko‘tardi. Reyting bo‘yicha prognoz «Barqaror» deb belgilandi. Bunga korxonaning uran ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirgani va past qarzdorlik darajasini saqlab qolgani sabab bo‘ldi.
Uran ishlab chiqarish 2025-yilda 35 foizga oshdi
S&P ma’lumotlariga ko‘ra, «Navoiyuran» 2025-yilda uran oksidi ishlab chiqarish hajmini 35 foizga oshirgan. Bir yil avval esa o‘sish 30 foizni tashkil etgan.
2024–2026-yillar davomida kompaniyaning ishlab chiqarish hajmi umumiy hisobda 80 foizdan ko‘proqqa oshgan. Agentlik bu natijani korxonaning katta xarajatlarsiz va jiddiy ishlab chiqarish uzilishlarisiz quvvatlarni kengaytira olayotganining tasdig‘i sifatida baholadi.
Kompaniyaning qarzdorligi past darajada qoladi
S&P «Navoiyuran»ning qarz yuklamasi yaqin yillarda ham past bo‘lishini kutmoqda. Kompaniyaning operatsion pul oqimining qarzga nisbati 60 foizdan yuqori darajada saqlanishi prognoz qilinmoqda.
Bunga operatsion faoliyatdan olinadigan erkin pul oqimining o‘sishi va sof foydaning 50 foizini dividend sifatida to‘lash siyosati yordam beradi.
Agentlik baholashicha, kompaniya yaqin ikki-uch yil davomida har yili 4,5–5,5 trln so‘m miqdorida kapital xarajatlarni amalga oshiradi. Mablag‘lar ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirishga yo‘naltiriladi.
Xarajatlar oshishi rentabellikka ta’sir qildi
«Navoiyuran»ning EBITDA ko‘rsatkichi 2025-yilda 7,7 trln so‘mni tashkil etdi. Bu 2024-yildagi 7,9 trln so‘mdan biroz past.
Natijaning avvalgi prognozdan past bo‘lishiga oltingugurt va sulfat kislotasi kabi ishlab chiqarish materiallari narxining oshishi sabab bo‘lgan.
Shuningdek, elektr energiyasi, suv, tabiiy gaz va mehnat xarajatlarining o‘sishi ham korxona xarajatlariga bosim o‘tkazgan. Natijada EBITDA rentabelligi 2024-yildagi 67,7 foizdan 2025-yilda 55,3 foizgacha kamaygan.
EBITDA 10 trln so‘mdan oshishi kutilmoqda
S&P 2026-yilda «Navoiyuran»ning EBITDA ko‘rsatkichi 10 trln so‘mdan oshishini kutmoqda. Bu 2025-yilga nisbatan taxminan 35 foizlik o‘sishni anglatadi.
Bunga sotuv hajmining qariyb 20 foizga ko‘payishi va uran narxining 13 foiz atrofida oshishi yordam berishi kutilmoqda.
Agentlik xarajatlar yuqori sur’atda o‘sishda davom etishiga qaramay, EBITDA rentabelligi 50 foizdan yuqori bo‘lib qolishini prognoz qilgan.
Uran narxi yuqori darajada qolishi mumkin
Hozirda uran oksidining narxi bir funt uchun taxminan $86 ni tashkil qilmoqda.
Atom energetikasiga talabning oshishi, energetik xavfsizlik masalalari va kam uglerodli energiya manbalariga qiziqish uran bozorini qo‘llab-quvvatlamoqda.
S&P yaqin yillarda uran narxi bir funt uchun o‘rtacha $75–80 oralig‘ida saqlanishini kutmoqda.
Xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar kengaytiriladi
«Navoiyuran» Fransiyaning Orano va Yaponiyaning ITOCHU kompaniyalari bilan qo‘shma loyihani amalga oshirmoqda.
Mazkur korxonada ishlab chiqarish hajmi 2026-yil oxiriga qadar oshirilishi kutilmoqda. S&P baholashicha, «Navoiyuran» yaqin yillarda qo‘shma loyihalarga har yili $50–150 mln investitsiya kiritishi mumkin.
Agentlik bunday loyihalarni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ishlab chiqarish bazasini kengaytirish uchun muhim strategik qadam deb hisoblamoqda.
Prognoz «Barqaror» deb belgilandi
«Barqaror» prognoz kompaniya kelgusi 12 oyda jiddiy ishlab chiqarish uzilishlarisiz barqaror ishlashi kutilayotganini anglatadi.
S&P kompaniya EBITDA ko‘rsatkichini 10 trln so‘mdan yuqori darajaga yetkazishi, rentabellikni 50 foizdan yuqori va qarz yuklamasini past darajada saqlashini kutmoqda.
Shu bilan birga, «Navoiyuran» to‘liq davlatga tegishli bo‘lgani sabab uning reytingi O‘zbekistonning suveren kredit reytingidan yuqori bo‘lishi kutilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moody’s Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga oshirgandi. Reyting bo‘yicha prognoz «ijobiy»dan «barqaror»ga o‘zgartirildi.
Agentlik qaroriga ko‘ra, reytingning oshirilishi O‘zbekistonda institutsional va siyosiy tizim yaxshilanayotgani, iqtisodiy hamda fiskal ko‘rsatkichlar mustahkamlanayotgani bilan bog‘liq.