Rossiyaning O‘zbekistonga gaz eksporti 10 mlrd kub metrdan oshishi mumkin

eʼlon qilindi
Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 40 foizdan ko‘proq o‘sishni anglatadi
Rossiyaning O‘zbekistonga gaz eksporti 10 mlrd kub metrdan oshishi mumkin
Foto: stat.uz

2026-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga quvur orqali yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmi 7 mlrd kub metrdan 10 mlrd kub metrdan ortiq darajaga yetishi mumkin. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 40 foizdan ko‘proq o‘sishni anglatadi, deya keltiriladi Xalqaro energetika agentligi (XEA) prognozida.

Gaz importi Qozog‘iston orqali oshirilmoqda

XEA hisobotida qayd etilishicha, Rossiya O‘zbekistonga gaz eksportini Qozog‘iston hududi orqali o‘tuvchi «Markaziy Osiyo – Markaz» magistral gaz quvurlari tizimi orqali bosqichma-bosqich oshirmoqda.

Import ortmoqda, mahalliy qazib olish kamaymoqda

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz qiymati 1,2 foizga kamayib, 1,66 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq jismoniy hajm aksincha o‘sib, 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrga, ya’ni 14,9 foizga ko‘paygan.

Shu bilan birga, mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmi pasayishda davom etmoqda. XEA ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar – may oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 14 foizga yoki 2,6 mlrd kub metrga qisqargan.

Konlar quvvati pasaymoqda

Xalqaro energetika agentligi qazib olish hajmining kamayishini amaldagi gaz konlarining avvalgi darajadagi ishlab chiqarishni saqlab qolish imkoniyati pasaygani bilan izohlagan.

Yevrosiyoda gazga talab ortishi kutilmoqda

XEA prognoziga ko‘ra, 2026-yilda Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni qamrab oluvchi Yevrosiyo mintaqasida tabiiy gazga bo‘lgan talab qariyb 3 foizga oshadi. Bunga yil boshidagi sovuq qish mavsumi asosiy omillardan biri bo‘lgan.

Shu bilan birga, mintaqadagi gaz qazib olish hajmi hali ham 2021-yil darajasidan 9 foiz past bo‘lib qolmoqda.

Jahon bozorida talab kamayishi prognoz qilinmoqda

XEA hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda dunyoda tabiiy gazga bo‘lgan talab 0,5 foizga yoki 20 mlrd kub metrga qisqaradi. Agentlik bunga Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozi orqali suyultirilgan tabiiy gaz tashish hajmining cheklanishi sabab bo‘layotganini ta’kidlagan.

Natijada ikkinchi chorakda Yevropada gaz narxlari o‘tgan yildagiga nisbatan 32 foizga, Osiyoda esa spot narxlar 45 foizga oshgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan poytaxtning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilishi haqida yozgandi.

Shuningdek