2030-yilgacha kamida 5 ta OTM dunyoning TOP – 500 reytingiga kiradi

eʼlon qilindi
Yana 10 ta OTMni esa fan yo‘nalishlari kesimida
2030-yilgacha kamida 5 ta OTM dunyoning TOP-500 reytingiga kiradi / Foto: President.uz

2030-yilgacha O‘zbekistondagi kamida 5 ta OTM jahonning TOP – 500 reytingidagi universiteti qatoriga kiritish rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Oliy ta’limda yangi maqsadlar

Qayd etilishicha, so‘nggi sakkiz yilda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga, talabalar soni esa 270 ming nafardan 1,7 mln nafarga yetdi. 2030-yilgacha kamida 5 ta oliy ta’lim muassasasini umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish rejalashtirilgan. Shuningdek, 100 ta ta’lim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va kamida 150 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish maqsad qilingan.

Integratsiyalashgan ta’lim dasturlari kengaytiriladi

Taqdimotda xalqaro amaliyot asosidagi integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Bunday tizim talabalarni bir nechta universitetda tahsil olish, turli mamlakatlarning ta’lim standartlari va akademik muhitidan foydalanish imkoniyati bilan ta’minlaydi. Shu munosabat bilan Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.

Mazkur oliy maktabda ta’lim Buyuk Britaniyaning Norzambriya va Hartfordshir universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik Sapiyensa, Sautgempton va Glazgo universitetlari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy hamkor universitet va oliy maktab diplomi beriladi.

Yangi ta’lim modellari va xalqaro shaharcha

Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydigan «2+3», «1+2», «2+1», «1+3», «2+2» va «3+1» kabi ta’lim modellari ham muhokama qilindi. Bu tizim orqali o‘quvchilar va texnikum bitiruvchilari ta’limni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohlarda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro universitetlar shaharchasini tashkil etish, unga dunyoning nufuzli oliygohlari filiallarini jalb qilish, kampuslar va talabalar turarjoylarini barpo etish, grant va stipendiyalar ajratish hamda bojxona va soliq imtiyozlarini qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq homilador va yosh onalar uchun oliy ta’limda qanday imkoniyatlar mavjudligi haqida yozgan edik.

Shuningdek